«Kuzatuvchilar emas, qoidalar mualliflari»: Vladimir Norov O‘zbekistonning Butunjahon SI tashkilotidagi o‘rni haqida

2026-yil 16-iyul kuni O‘zbekiston Sun’iy intellekt sohasida hamkorlik bo‘yicha Butunjahon tashkilotining (WAICO) 29 ta ta’sischi davlatidan biriga aylandi. Yangi birlashma Markaziy Osiyoga texnologik tengsizlikni bartaraf etishda qanday yordam berishi, jamiyat manfaatlarini himoya qilish bilan innovatsiyalar erkinligi o‘rtasidagi muvozanatni qanday saqlash mumkinligi hamda nima uchun O‘zbekiston xalqaro o‘yin qoidalarini hozirdanoq shakllantirishda faol ishtirok etishi muhimligi haqida Markaziy Osiyo sun’iy intellekt assotsiatsiyasi (AICA) raisi Vladimir Norov Kursiv Uzbekistan nashriga bergan intervyusida so‘zlab berdi.
— Vladimir Imamovich, tajribali diplomat va Markaziy Osiyo sun’iy intellekt assotsiatsiyasi rahbari sifatida Sun’iy intellekt bo‘yicha Butunjahon tashkiloti tashkil etilishini qanday baholaysiz? U shakllanayotgan sun’iy intellektni global boshqarish tizimining ta’sirchan bo‘g‘iniga aylana oladimi?
— Men Sun’iy intellekt sohasida hamkorlik bo‘yicha Butunjahon tashkiloti (WAICO) tashkil etilishini texnologik raqobatdan institutsional qurilish bosqichiga o‘tishni anglatuvchi tarixiy qadam deb bilaman.
2026-yil 16-iyul kuni Shanxayda 29 davlat tomonidan bitim imzolanishi shunchaki yana bir tuzilmaning tashkil etilishi emas, balki doimiy faoliyat yuritadigan hukumatlararo platformaning vujudga kelishidir.
Sun’iy intellekt endi shunchaki texnologik innovatsiya bo‘lib qolmayapti — u elektr energiyasi, internet va kosmik texnologiyalar bilan qiyoslanadigan strategik infratuzilmaga aylanmoqda.
Sun’iy intellekt iqtisodiyot, sog‘liqni saqlash, ta’lim, ishlab chiqarish, moliya va davlat boshqaruvini jadal o‘zgartirib borayotgan bir paytda, dunyo hech bir mamlakat uning imkoniyatlari va xavflarini yakka holda samarali boshqara olmasligini tobora chuqurroq anglamoqda.
Maslahatlashuv formatlaridan farqli ravishda, WAICO siyosiy deklaratsiyalarni standartlar, xavfsizlik va salohiyatni rivojlantirish bo‘yicha amaliy hamkorlik mexanizmlariga aylantirishni maqsad qilgan.
Bu, ayniqsa, texnologik tafovutni bartaraf etish uchun shunchaki kuzatuvchi maqomini emas, balki amaliy vositani qo‘lga kiritayotgan Global Janub va Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun muhimdir.
WAICO global boshqaruvning ta’sirchan unsuriga aylana oladimi? Ha, biroq bir shart bilan: uning nufuzi a’zolar soni bilan emas, balki JST yoki MAGATE misolida bo‘lgani kabi, real natijalarni ta’minlay olish qobiliyati bilan belgilanadi.
WAICO umumiy texnik standartlarni ishlab chiqish, transchegaraviy muvofiqlashtirish va birgalikdagi mas’uliyat uchun institutsional asos taklif etadi.
XXI asrda shakllanayotgan arxitekturada WAICO iqlim siyosati va kiberxavfsizlik bilan bir qatorda turadigan o‘rinni egallash uchun barcha imkoniyatlarga ega.
Biroq uning ta’siri rivojlanayotgan iqtisodiyotlarni qo‘llab-quvvatlash haqidagi deklaratsiyalarni bilim almashinuvi va salohiyatni oshirishga qaratilgan aniq tashabbuslarga qanchalik muvaffaqiyatli aylantira olishiga bog‘liq bo‘ladi.
Ishonchim komilki, WAICO manfaatlar muvozanatini saqlab qolsa hamda BMT Nizomida belgilangan oshkoralik va inklyuzivlik tamoyillari asosida faoliyat yuritsa, yangi boshqaruv tizimining asosiy unsuriga aylanadi. Bu shunchaki navbatdagi qadam emas, balki sun’iy intellektning butun insoniyat umumiy farovonligiga xizmat qilishini ta’minlash yo‘lidagi muhim bosqichdir.
— Xitoy yangi tashkilotni Global Janub mamlakatlari manfaatlarini hisobga olish va texnologik tengsizlikni qisqartirishga qaratilgan platforma sifatida taqdim etmoqda. Sizningcha, bu bayonotlar amalda nimalarga tayanishi kerak?
— Texnologik tengsizlikni qisqartirish haqidagi bayonotlar aniq mexanizmlar bilan ta’minlangan uchta amaliy yo‘nalishga tayanishi kerak.
Birinchisi — shunchaki bayonotlar emas, balki mustahkam institutlarni shakllantirish. «Mas’uliyatli sun’iy intellekt global indeksi — 2026» ma’lumotlari bu borada muhim manzarani ko‘rsatadi. Dunyoda 126 ta milliy strategiya qabul qilingan bo‘lsa-da, Global Janub davlatlarining 78 foizida ushbu mexanizmlarga rioya etish majburiy emas. Global Shimol mamlakatlarida esa bu ko‘rsatkich 42 foizni tashkil etadi. Strategiyalarning amalda joriy etilish darajasi esa atigi 45 foizga yetgan. Bu muammo rejalar yo‘qligida emas, balki mustaqil nazorat organlari, alohida budjet mablag‘lari va nazorat tartib-taomillari yetishmasligida ekanini anglatadi.
Shu sababli WAICOning amaliy ahamiyati imzolangan memorandumlar soni bilan emas, balki ishtirokchi davlatlarda tashkil etilgan tartibga soluvchi tuzilmalar hamda ularning faoliyatiga ajratilgan real mablag‘lar hajmi bilan o‘lchanishi kerak.
Ikkinchisi — bir martalik treninglar o‘rniga mutaxassislarni tizimli ravishda mahalliy ekotizimlarga jalb etish. Rivojlanayotgan mamlakatlardan besh yil davomida 5 ming mutaxassis tayyorlash majburiyati faqatgina ushbu kadrlar ShHT, BRIKS, ASEAN va Afrika Ittifoqi bilan hamkorlikdagi laboratoriyalar orqali mintaqaviy sun’iy intellekt ekotizimlariga qo‘shilgandagina haqiqiy mazmun kasb etadi.
Gap shunchaki malaka oshirish sertifikatlarini berish haqida emas. Mutaxassislar sun’iy intellekt modellarini mahalliy tillar, iqlim sharoitlari va iqtisodiy vazifalarga moslashtirish jarayonida bevosita ishtirok etishi kerak. Faqat shundagina bilim mustaqil milliy salohiyatga aylanadi.
Uchinchisi — texnologiya namoyish uchun taqdim etiladigan imkoniyat emas, balki jamiyat manfaatlariga xizmat qiladigan umumiy ne’mat bo‘lishi kerak. Xitoyning MAZU erta ogohlantirish tizimidan 30 ta davlatga foydalanish imkonini berish tashabbusi tizimni sozlash usullarini o‘rgatish va mahalliy jamoalarni undan foydalanishga tayyorlash bilan birga olib borilishi lozim.
Suv resurslari holati va iqlim xavflarini muntazam kuzatishga kuchli ehtiyoj sezadigan Markaziy Osiyo davlatlari uchun bu sun’iy intellekt geosiyosiy maqsadlarga emas, balki barqaror rivojlanishga xizmat qilishini ko‘rsatadigan tajriba loyihasiga aylanishi mumkin.
Demak, Xitoyning bayonotlari ortida institutlar, uzluksiz hamkorlik va texnologik ochiqlik turishi kerak. WAICO ushbu uch mezon bo‘yicha har bir ishtirokchi davlatda o‘lchash mumkin bo‘lgan aniq natijalarga erishsagina, texnologik tengsizlikni bartaraf etishning haqiqiy vositasiga aylanadi. Aks holda, bu tashabbuslar umumiy kun tartibi doirasidagi bayonotligicha qolib ketadi.
— Tashabbus mamlakatlar o‘rtasidagi texnologik raqobat kuchayib borayotgan bir paytda ilgari surildi. Yangi tashkilot manfaatlari turlicha bo‘lgan davlatlarni birlashtira oladimi va buning uchun nimalar zarur?
— WAICO manfaatlari turlicha bo‘lgan davlatlarni birlashtira oladimi, degan savol ritorik emas, balki amaliy masaladir. Tarix keskin raqobat sharoitida ham umumiy nuqtalar topilgan misollarni biladi: aviatsiya xavfsizligi, dengiz huquqi va yadro materiallari ustidan nazorat kabi sohalardagi hamkorlik sovuq urush davrida ham saqlanib qolgan. Chunki bu yo‘nalishlarda kelishmovchilik barcha tomonlar uchun birdek xavf tug‘dirgan. Bugungi kunda sun’iy intellekt ham shu qatorga qo‘shilmoqda: tizimli tahdidlar davlat chegaralarini tan olmaydi.
Biroq bugungi vaziyat ancha murakkab. Hozirda sun’iy intellekt bo‘yicha xalqaro kun tartibini shakllantirayotgan ikkita mustaqil markaz vujudga kelmoqda.
Ulardan biri WAICO atrofida shakllanib, rivojlanish, davlat suvereniteti va texnologik tengsizlikni qisqartirishga urg‘u bermoqda. Ikkinchisi esa xavfsizlik, inson huquqlari va texnologik yetakchilikka asoslanadi. Bu yondashuv Yevropa Ittifoqining Sun’iy intellekt to‘g‘risidagi qonuni — AI Act hamda AQShning tartibga solish va ta’minot zanjirlarini nazorat qilish siyosatida namoyon bo‘lmoqda.
WAIC-2026 anjumanida ochiq sun’iy intellekt «tarixiy imkoniyat» sifatida ta’riflandi. Shu bilan birga, undan foydalanish imkoniyatlarining teng taqsimlanmasligi «yangi tarixiy adolatsizliklar»ni keltirib chiqarishi mumkinligi haqida ogohlantirildi.
Bu shunchaki bayonot emas. U turli tomonlar «mas’uliyatli sun’iy intellekt» tushunchasiga har xil mazmun yuklayotgani sababli yuzaga kelgan chuqur tafovutni ko‘rsatadi.
WAICO tomonlarni birlashtira olishi uning ambitsiyalariga emas, bir necha muhim shartlarga bog‘liq bo‘ladi.
Birinchidan, yagona modelni majburan joriy etish emas, balki turli yondashuvlar mavjudligini tan olish zarur. Yevropa modeli xavflarga asoslangan, majburiy talablarni belgilaydigan va o‘z hududidan tashqarida ham amal qiladigan yondashuvdir. AQSh modeli esa nisbatan tarqoq bo‘lib, innovatsiyalar va iqtisodiy xavfsizlikka ko‘proq e’tibor qaratadi.
WAICO bu modellarni bekor qila yoki ularning o‘rnini egallay olmaydi. Uning vazifasi mazkur yondashuvlar bir-biriga qarama-qarshi qo‘yilmaydigan, balki o‘zaro mos texnik standartlar va xavflarni baholash natijalarini o‘zaro tan olish orqali uyg‘unlashtiriladigan maydonga aylanishdir.
Muvaffaqiyat tashkilotga qo‘shilgan davlatlar soni bilan emas, tartibga solish tamoyillari turlicha bo‘lgan qancha mamlakat umumiy xavfsizlik protokollaridan foydalana olishi bilan o‘lchanadi.
Ikkinchidan, geosiyosiy pozitsiyalarni namoyish etishdan institutsional muloqotga o‘tish kerak. WAICO, avvalo, qarama-qarshilik vositasi emas, balki muvofiqlashtirish mexanizmi sifatida ko‘rilishi lozim.
Bu ekspertlar tarmoqlari, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar hamda tor doiradagi, ammo o‘ta muhim masalalar bo‘yicha ishchi guruhlarga e’tibor qaratishni anglatadi. Bular sun’iy intellekt modellari xavfsizligi, hisoblash resurslarini boshqarish va yolg‘on axborot tarqalishining oldini olish kabi yo‘nalishlarni qamrab oladi.
Aynan shunday hamkorlik shakllari siyosiy muloqot boshi berk ko‘chaga kirib qolgan davrlarda ham aloqa kanallarini saqlab qolishga yordam bergan. Demak, WAICO tomonlarni mavjud farqlarni inkor etish orqali emas, balki «o‘zaro uyg‘unlik zonalari»ni yaratish orqali birlashtira oladi.
Tashkilotning ta’siri uning o‘z bayrog‘i ostida qancha davlatni to‘plashiga emas, balki hech bir mamlakat yolg‘iz hal qila olmaydigan muammolar uchun amaliy yechimlar taklif eta olishiga bog‘liq bo‘ladi. Bu sun’iy intellekt modellari xavfsizligidan tortib, raqamli tengsizlikni qisqartirishgacha bo‘lgan masalalarni qamrab oladi.
— O‘zbekistonning tashkilotga asos soluvchi davlatlar qatoriga kirish qarorini qanday baholaysiz? Mamlakatimiz ushbu xalqaro tuzilmada qanday o‘rin egallashi mumkin?
— O‘zbekistonning WAICOga asos solgan davlatlardan biri bo‘lish haqidagi qarori o‘z vaqtida qabul qilingan va strategik jihatdan puxta o‘ylangan qadamdir.
Xalqaro tashkilotlarni tuzish tajribasi shuni ko‘rsatadiki, aynan ta’sischi davlatlar boshqaruv qoidalari va qaror qabul qilish mexanizmlarini ishlab chiqish, ekspert va texnik qo‘mitalarni shakllantirish, shuningdek, tashkilotning uzoq muddatli ustuvor yo‘nalishlarini belgilashda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
WAICO’ning institutsional tuzilmasi endigina shakllanayotgan bir paytda, jarayonda boshidanoq qatnashish O‘zbekistonga nafaqat yangi xalqaro qoidalarga moslashish, balki ularni yaratishda bevosita ishtirok etish imkonini beradi.
Bugungi kunda O‘zbekiston sun’iy intellektning milliy ekotizimini mamlakat raqamli transformatsiyasining muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida izchil rivojlantirmoqda.
Davlat siyosati sun’iy intellektni davlat boshqaruvi va iqtisodiyotga joriy etish bilangina cheklanmaydi. U ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish, malakali kadrlar tayyorlash, zamonaviy raqamli infratuzilmani yaratish hamda qulay huquqiy-me’yoriy muhitni shakllantirishni ham qamrab oladi.
Ustuvor vazifalar qatoriga sun’iy intellekt texnologiyalarini sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, energetika, sanoat, soliq va bojxona boshqaruviga keng joriy etish kiradi. Shuningdek, milliy til modellarini va raqamli xizmatlarni rivojlantirish, investitsiyalarni jalb qilish hamda mahalliy sun’iy intellekt startaplari uchun qulay sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ana shunday kompleks davlat siyosatining mavjudligi O‘zbekistonni WAICO doirasida faqat texnologiyalar va ekspert bilimlarini olishdan manfaatdor ishtirokchi sifatida emas, balki o‘z tashabbuslarini ilgari sura oladigan davlat sifatida ko‘rish imkonini beradi.
O‘zbekiston sun’iy intellektni davlat sektoriga joriy etish bo‘yicha ilg‘or tajribalar almashiladigan yetakchi maydonlardan biriga aylanishi mumkin. Mamlakat, shuningdek, kadrlar tayyorlash sohasidagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma ilmiy tadqiqot loyihalarini amalga oshirish hamda sun’iy intellektdan mas’uliyatli va axloqiy foydalanish tamoyillarini ishlab chiqishda muhim rol o‘ynashi mumkin.
Shunday qilib, O‘zbekistonning WAICO ta’sischi davlatlari qatorida ishtirok etishi mamlakatning uzoq muddatli milliy manfaatlariga mos keladi. Bu qaror O‘zbekistonning sun’iy intellektni rivojlantirish bo‘yicha mintaqaviy markazlardan biri sifatidagi mavqeyini mustahkamlash va sun’iy intellektni xalqaro miqyosda boshqarish tizimini shakllantirishda faol qatnashishi uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
— Hamkorlikning qaysi yo‘nalishlari O‘zbekiston uchun eng katta amaliy ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin?
— WAICO’dagi ishtirok O‘zbekistonga nafaqat tajriba almashish, balki sun’iy intellektni rivojlantirish bo‘yicha milliy strategiyani xalqaro hamkorlik orqali amalga oshirish imkonini ham beradi.
Eng muhim yo‘nalishlardan biri — zamonaviy hisoblash resurslari, ilg‘or texnologiyalar va xalqaro raqamli infratuzilmadan foydalanish imkoniyatini kengaytirishdir. Markaziy Osiyoning mintaqaviy sun’iy intellekt markaziga aylanishni maqsad qilgan O‘zbekiston uchun bu ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari, bulutli platformalar va yuqori unumli hisoblash tizimlarini rivojlantirishga qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
Qo‘shma ilmiy-tadqiqot markazlarini tashkil etish, akademik konsorsiumlarni rivojlantirish va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash ham muhim yo‘nalishlardan hisoblanadi.
WAICO universitetlar, ilmiy-tadqiqot muassasalari va texnologik kompaniyalarning ilmiy salohiyatini birlashtiradigan samarali maydonga aylanishi mumkin. Bu bilim va texnologiyalar almashinuvini jadallashtirib, innovatsiyalarni amaliyotga tezroq joriy etishga yordam beradi.
O‘zbekiston uchun o‘z milliy til modellarini yaratish va sifatli milliy ma’lumotlar to‘plamlarini shakllantirish sohasidagi hamkorlik alohida ahamiyatga ega.
Bu o‘zbek tili va mamlakatning milliy xususiyatlariga moslashtirilgan sun’iy intellekt yechimlarini ishlab chiqish, shuningdek, ulardan davlat boshqaruvi, ta’lim, sog‘liqni saqlash va iqtisodiyotning boshqa sohalarida kengroq foydalanish imkonini beradi.
Bundan tashqari, WAICO yuqori texnologiyali investitsiyalarni jalb etish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va sun’iy intellektni joriy etish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni ommalashtirish platformasiga aylanishi mumkin.
Bunday hamkorlik O‘zbekistonda zamonaviy sun’iy intellekt ekotizimini shakllantirishga hamda mamlakatning Markaziy Osiyodagi yetakchi sun’iy intellekt markazlaridan biri sifatidagi mavqeyini mustahkamlashga xizmat qiladi.
— Qozog‘iston ham yangi tashkilotga qo‘shildi. Sun’iy intellektni rivojlantirish va tartibga solish masalalarida Markaziy Osiyo davlatlarining kelishilgan pozitsiyasini shakllantirish qanchalik real? Mintaqa xorijiy texnologiyalarning faqat iste’molchisi bo‘lib qolmasdan, o‘z yechim va tashabbuslarini ham taklif eta oladimi?
— Sun’iy intellektni rivojlantirish masalalarida Markaziy Osiyo davlatlarining kelishilgan pozitsiyasini shakllantirish mutlaqo real vazifa. Bunga, avvalo, O‘zbekiston va Qozog‘istonning raqamli transformatsiya sohasidagi faol hamkorligi asos bo‘la oladi.
So‘nggi yillarda ikki mamlakat raqamli rivojlanish vazirliklari, IT-parklar, universitetlar va innovatsion markazlar o‘rtasidagi hamkorlikni sezilarli darajada kengaytirdi. Ular qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirmoqda, texnologik tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlamoqda hamda elektron hukumat va raqamli xizmatlarni rivojlantirish bo‘yicha tajriba almashmoqda.
IT Park Uzbekistan va Astana Hub o‘rtasidagi hamkorlik bunga muhim misol bo‘la oladi. Ushbu hamkorlik startaplarni qo‘llab-quvvatlash, innovatsion ekotizimni rivojlantirish hamda texnologik kompaniyalarning mintaqaviy va xalqaro bozorlarga chiqishi uchun qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan.
Shu bilan birga, ikki mamlakat universitetlari va ilmiy-tadqiqot markazlari o‘rtasida sun’iy intellekt, ma’lumotlar tahlili va raqamli texnologiyalar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash sohasidagi hamkorlik ham rivojlanmoqda.
O‘zbekiston va Qozog‘istonning WAICO’ga asos solgan davlatlar qatoriga kirishi ushbu hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish imkonini yaratadi.
Tashkilot qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini boshlash, mintaqaviy til modellarini ishlab chiqish, umumiy ma’lumotlar to‘plamlarini yaratish, hisoblash resurslaridan birgalikda foydalanish hamda sun’iy intellektni tartibga solish bo‘yicha kelishilgan yondashuvlarni shakllantirish uchun maydonga aylanishi mumkin.
Ayni paytda Markaziy Osiyo global sun’iy intellekt ekotizimida o‘ziga xos yo‘nalishga ega.
Mintaqa davlatlari universal modellar yaratishda jahon yetakchilari bilan raqobatlashish o‘rniga, qishloq xo‘jaligi, suv resurslarini boshqarish, transport-logistika yo‘laklari, energetika va raqamli davlat xizmatlari uchun amaliy yechimlarni birgalikda ishlab chiqishi mumkin.
Aynan shunday loyihalar Markaziy Osiyoning WAICO faoliyatiga qo‘shadigan amaliy hissasiga aylanishi hamda mintaqaning sun’iy intellektni rivojlantirish bo‘yicha yangi markazlardan biri sifatidagi mavqeyini mustahkamlashi mumkin.
— Siz rahbarlik qilayotgan Markaziy Osiyo sun’iy intellekt assotsiatsiyasi bunday mintaqaviy kun tartibini shakllantirishda qanday rol o‘ynashi mumkin?
— Markaziy Osiyo sun’iy intellekt assotsiatsiyasi (AICA) WAICO uchun davlat organlari, ilmiy hamjamiyat, universitetlar, texnologik kompaniyalar va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi hamkorlikni ta’minlaydigan tabiiy mintaqaviy hamkorga aylanishi mumkin.
Xalqaro tajriba shuni ko‘rsatadiki, sun’iy intellekt sohasidagi xalqaro tashabbuslarni amalga oshirishda aynan professional uyushmalar va sohaviy nodavlat notijorat tashkilotlari muhim rol o‘ynaydi. Ular ekspertlar muloqoti, qo‘shma tadqiqotlar, ta’lim dasturlari va ilg‘or tajribalarni ommalashtirish jarayonining tashkilotchisi sifatida faoliyat yuritadi.
AICA bunday xalqaro loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha muayyan tajribaga ega. Assotsiatsiya universitetlar, tahlil markazlari, Shenchjen, Shanxay, Pekin va Sian shaharlaridagi sun’iy intellekt uyushmalari hamda Xitoyning texnologik tashkilotlari bilan hamkorlik qilmoqda.
Jumladan, Pekin xorijiy tillar universiteti bilan sun’iy intellekt savodxonligini oshirish, qo‘shma laboratoriyalar tashkil etish, o‘qituvchilarni tayyorlash va yoshlar uchun sun’iy intellektga oid dasturlarni rivojlantirish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda.
Bundan tashqari, AICA Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasidagi xalqaro ekspert maydonlari bilan ham hamkorlik qilmoqda. Mazkur platformada tadqiqot markazlari tarmog‘ini rivojlantirish, akademik mobillikni kengaytirish va qo‘shma innovatsion loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi «Markaziy Osiyo — Xitoy» sun’iy intellekt alyansini tuzish tashabbusi ilgari surilgan.
Shu nuqtayi nazardan, WAICO bilan amaliy aloqalarni yo‘lga qo‘yish mantiqiy navbatdagi qadam bo‘ladi.
AICA Markaziy Osiyo mamlakatlarining salohiyatini birlashtirgan holda qo‘shma loyihalarning mintaqaviy muvofiqlashtiruvchisi sifatida faoliyat yuritishi mumkin. Bu kadrlar tayyorlash, mintaqaviy til modellarini ishlab chiqish, ekspert bilimlari bilan almashish, xalqaro forumlar o‘tkazish hamda sun’iy intellektni davlat boshqaruvi, ta’lim, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarga joriy etish bo‘yicha tajriba loyihalarini amalga oshirishni qamrab oladi.
Bunday hamkorlik shakli Markaziy Osiyoning WAICO faoliyatidagi ishtirokini kuchaytirish bilan birga, mintaqa davlatlari va tashkilotning boshqa a’zo mamlakatlari manfaatlariga mos keladigan qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish uchun barqaror mintaqaviy platformani shakllantirish imkonini beradi.
— O‘zbekistonda malakali sun’iy intellekt muhandislari va tadqiqotchilarining yetishmasligi asosiy muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. Xalqaro hamkorlik mamlakat ichida kadrlar tayyorlashning to‘laqonli tizimini yaratish va ayni paytda eng istiqbolli mutaxassislarning xorijga ketishini kamaytirishga qanday yordam berishi mumkin?
— Bugungi kunda malakali mutaxassislar tanqisligi nafaqat O‘zbekistonda, balki dunyoning ko‘plab mamlakatlarida sun’iy intellektni rivojlantirish yo‘lidagi asosiy muammolardan biridir.
Bunday sharoitda xalqaro hamkorlik alohida ahamiyat kasb etadi. Chunki u faqat ayrim mutaxassislarni tayyorlash bilan cheklanmay, mamlakat ichida kadrlar tayyorlash va ilmiy tadqiqotlarning barqaror tizimini shakllantirish imkonini beradi.
Aynan shu yo‘nalishda WAICO O‘zbekiston uchun muhim platformaga aylanishi mumkin. Tashkilot universitetlar, ilmiy-tadqiqot markazlari va texnologik kompaniyalarni qo‘shma ta’lim dasturlari, akademik almashinuvlar, amaliyotlar, o‘qituvchilar malakasini oshirish, xalqaro sun’iy intellekt laboratoriyalarini tashkil etish hamda amaliy tadqiqotlarni olib borish uchun birlashtira oladi.
Bunday yondashuv zarur bilim va ko‘nikmalarni bevosita milliy universitetlar hamda ilmiy-tadqiqot institutlariga yetkazish, shu orqali mamlakatning o‘z ilmiy maktablarini shakllantirish imkonini beradi.
Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda dunyodagi venchur investitsiyalarning 61 foizi yoki $258,7 mlrd sun’iy intellekt kompaniyalari hissasiga to‘g‘ri kelgan. Shu bilan birga, hisoblash infratuzilmasi va ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari jadal rivojlanayotgan yo‘nalishga aylanib, bir yil davomida $109,3 mlrd investitsiya jalb qilgan.
Bu kadrlar tayyorlash jarayoni milliy ilmiy-tadqiqot bazasini rivojlantirish bilan birga olib borilishi kerakligini anglatadi. Jumladan, yuqori unumli hisoblash infratuzilmasini yaratish, universitetlarning grafik protsessorlar — GPUlar va superkompyuterlardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish, mahalliy tadqiqot jamoalarini xalqaro konsorsiumlarga qo‘shish hamda yetakchi kompaniyalar bilan hamkorlikdagi laboratoriyalarni tashkil etish zarur.
Barqaror milliy sun’iy intellekt ekotizimi o‘zaro bog‘liq uchta unsur — hisoblash quvvatlari, ilmiy tadqiqotlar hamda universitetlar va biznes o‘rtasidagi doimiy hamkorlik asosida shakllanadi. Bu Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti tavsiyalariga ham mos keladi va kompleks yondashuvni talab qiladi.
O‘zbekiston hozirning o‘zida sun’iy intellekt laboratoriyalarini tashkil etish, hisoblash quvvatlari va raqamli infratuzilmani rivojlantirish, shuningdek, sun’iy intellektdan davlat boshqaruvi hamda iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarida foydalanishni kengaytirishga qaratilgan loyihalarni izchil amalga oshirmoqda.
WAICOdagi ishtirok ushbu sa’y-harakatlarni xalqaro ekspertiza, qo‘shma tadqiqotlar va texnologik hamkorlik imkoniyatlari bilan to‘ldirishga yordam beradi.
Tajriba shuni ko‘rsatadiki, iqtidorli mutaxassislar yirik loyihalarda ishlash, zamonaviy infratuzilmadan foydalanish va xalqaro tadqiqotlarda ishtirok etish imkoniyati mavjud bo‘lgan joyda qoladi.
Shu sababli WAICO doirasidagi hamkorlikni rivojlantirish O‘zbekistonda nafaqat jahon darajasidagi mutaxassislarni tayyorlaydigan, balki ularning mamlakat ichida o‘z kasbiy salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishi uchun sharoit yaratadigan mukammal sun’iy intellekt ekotizimini shakllantirish omillaridan biriga aylanishi mumkin. Bu esa O‘zbekistonning sun’iy intellektni rivojlantirish bo‘yicha mintaqaviy markaz sifatidagi mavqeyini yanada mustahkamlaydi.
— Sun’iy intellekt xavfsizligi va etikasiga oid xalqaro standartlar texnologiyalarga bo‘lgan ishonchni oshirishi mumkin. Biroq haddan tashqari qat’iy tartibga solish biznes rivojlanishini sekinlashtirishi ehtimoli ham bor. Sizningcha, jamiyatni himoya qilish bilan innovatsiyalar erkinligini saqlab qolish o‘rtasidagi oqilona chegara qayerdan o‘tadi? Bu masala, ayniqsa, rivojlanayotgan davlatlar uchun qanday hal etilishi kerak?
— Xalqaro tajriba shuni ko‘rsatadiki, sun’iy intellektni samarali tartibga solish xavf darajasiga asoslangan va unga mutanosib bo‘lishi kerak. Bugungi kunda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti, UNESCO hamda BMT ham aynan shunday yondashuvni qo‘llab-quvvatlamoqda.
Avvalo, inson huquqlari, xavfsizlik va muhim infratuzilmaga katta xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan sohalar tartibga solinishi lozim. Innovatsion ishlanmalar uchun esa tajriba o‘tkazish va texnologik rivojlanishga yetarli imkoniyat qoldirilishi kerak.
Rivojlanayotgan davlatlar, xususan, O‘zbekiston uchun xorijdagi eng qat’iy tartibga solish modellarini to‘liq ko‘chirib olish emas, balki jamiyat ishonchini ta’minlaydigan va ayni paytda innovatsiyalar uchun qulay sharoit yaratadigan moslashuvchan sun’iy intellekt boshqaruvi tizimini shakllantirish muhim.
Shu sababli tartibga solish «qumdonlari», ixtiyoriy standartlar, xavflarni mustaqil baholash va sohaviy axloq kodekslari kabi mexanizmlar tobora keng tarqalmoqda. Ular amaliy tajribaga tayangan holda tartibga solish tizimini bosqichma-bosqich takomillashtirish imkonini beradi.
O‘zbekiston ham aynan shu yo‘nalishda harakat qilmoqda va sun’iy intellektni rivojlantirish uchun zarur huquqiy hamda institutsional asoslarni izchil shakllantirmoqda.
Davlat siyosati sun’iy intellekt yechimlarini iqtisodiyot va davlat boshqaruviga joriy etishni rag‘batlantirish bilan birga, ma’lumotlarni himoya qilish, kiberxavfsizlik va yangi texnologiyalardan mas’uliyatli foydalanish mexanizmlarini rivojlantirishga ham qaratilgan. Bunday yondashuv innovatsiyalar bilan jamiyat manfaatlari o‘rtasidagi muvozanatni saqlash imkonini beradi.
Shu nuqtayi nazardan, WAICO tartibga solish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni almashish, o‘zaro mos standartlarni ishlab chiqish, mutaxassislar tayyorlash hamda davlat, biznes va ilmiy hamjamiyat o‘rtasida professional muloqotni yo‘lga qo‘yish uchun muhim xalqaro platformaga aylanishi mumkin.
O‘zbekiston uchun bu jarayonlarda ishtirok etish alohida ahamiyatga ega. Chunki bu milliy qonunchilikni takomillashtirishda xalqaro tajribani hisobga olish, shu bilan birga, mamlakatning investitsiyalar va yuqori texnologiyali biznes uchun jozibadorligini saqlab qolish imkonini beradi.
Bugungi kunda xavfsizlik, ishonch va innovatsiyalar erkinligi o‘rtasidagi muvozanatni topish sun’iy intellektni muvaffaqiyatli rivojlantirishning asosiy shartlaridan biriga aylanmoqda. WAICO doirasidagi xalqaro hamkorlik esa bu jarayonni sezilarli darajada tezlashtirishi mumkin.
— Ikki-uch yildan so‘ng O‘zbekistonning ushbu tashkilotdagi ishtiroki amaliy foyda keltirganini qanday aniq natijalar asosida baholash mumkin bo‘ladi? Mamlakat ta’lim, infratuzilma, qonunchilik va biznesni qo‘llab-quvvatlash sohalarida hozirdanoq qanday choralarni ko‘rishi maqsadga muvofiq?
— O‘zbekistonning WAICO’dagi ishtiroki qanchalik samarali bo‘lganini ikki-uch yildan so‘ng xalqaro hamkorlik Sun’iy intellektni rivojlantirishning 2030-yilgacha mo‘ljallangan strategiyasida belgilangan milliy maqsadlarga erishishga qay darajada yordam bergani orqali baholash mumkin bo‘ladi.
Avvalo, WAICO’ga a’zo davlatlar bilan ilmiy tadqiqotlar, kadrlar tayyorlash, hisoblash infratuzilmasini rivojlantirish hamda sun’iy intellektni iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlariga joriy etish bo‘yicha qo‘shma loyihalar yo‘lga qo‘yilishi muhim natija bo‘ladi.
O‘zbekiston universitetlari, ilmiy-tadqiqot markazlari va texnologik kompaniyalarining xalqaro konsorsiumlar hamda bilim almashish dasturlarida ishtirok etishi ham muhim ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi.
Ikkinchi mezon milliy sun’iy intellekt ekotizimining jadal rivojlanishi bo‘lishi kerak. Bunga zamonaviy hisoblash quvvatlarini yaratish, xalqaro ilmiy-tadqiqot laboratoriyalarini tashkil etish, milliy til modellarini rivojlantirish hamda sun’iy intellektdan davlat boshqaruvi, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, sanoat, energetika va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida amaliy foydalanishni kengaytirish kiradi.
Milliy tartibga solish tizimini takomillashtirish ham muhim mezon bo‘ladi. Xalqaro tajriba shuni ko‘rsatadiki, innovatsiyalarni rivojlantirish bilan birga, xavflarni boshqarishning shaffof mexanizmlarini joriy eta olgan davlatlar eng yaxshi natijalarga erishmoqda.
WAICOdagi ishtirok O‘zbekistonga standartlar, sun’iy intellekt tizimlari xavfsizligini baholash mexanizmlari, tartibga solish «qumdonlari» hamda sun’iy intellektdan mas’uliyatli foydalanish tamoyillarini ishlab chiqishda ilg‘or xalqaro yondashuvlardan foydalanish imkonini beradi.
Innovatsion tadbirkorlikni rivojlantirish ham alohida ahamiyatga ega. Amaliy natijalardan biri mahalliy startaplar uchun imkoniyatlarni kengaytirish, yuqori texnologiyali investitsiyalarni jalb etish, O‘zbekiston kompaniyalarini xalqaro texnologik zanjirlarga qo‘shish hamda mahalliy sun’iy intellekt yechimlarini mintaqaviy va jahon bozorlariga eksport qilish uchun sharoit yaratish bo‘lishi kerak.
Nihoyat, eng muhim ko‘rsatkichlardan biri O‘zbekistonning xalqaro muhokamalar ishtirokchisidan sun’iy intellekt bo‘yicha xalqaro kun tartibini faol shakllantiruvchi davlatlardan biriga aylanishi bo‘ladi.
WAICO’ning ixtisoslashgan ishchi guruhlari va ekspert qo‘mitalarida qatnashish, o‘z tashabbuslarini ilgari surish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish O‘zbekiston nafaqat sun’iy intellektni rivojlantirish bo‘yicha milliy strategiyasini muvaffaqiyatli amalga oshirayotganini, balki ushbu sohadagi xalqaro hamkorlik tizimini shakllantirishga ham hissa qo‘shayotganini ko‘rsatadi.