Yangi Andijonda 300 mln dollarlik dam olish va turar joy majmuasi barpo etiladi

Yangi Andijonda Janubiy Koreya sarmoyasi ishtirokida qiymati $300 mlnga teng yirik investitsiya loyihasi amalga oshiriladi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.
Loyiha doirasida zamonaviy istirohat bog‘i, akvapark va yirik turar joy majmuasi quriladi.
Investitsiya bitimi imzolandi
Unga ko‘ra, O‘zbekistonning «Sanderson City» MChJ hamda Janubiy Koreyaning U&K Global kompaniyasi Yangi Andijon hududida yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvni imzoladi.

Loyihaning umumiy qiymati $300 mlnni tashkil etib, u ikki bosqichda amalga oshiriladi.
Birinchi bosqichda akvapark va istirohat bog‘i quriladi
Dastlabki bosqichda 45 mln dollar investitsiya hisobidan zamonaviy istirohat bog‘i va xalqaro standartlarga mos akvapark barpo etiladi. Majmuada turli yoshdagi tashrif buyuruvchilar uchun suv attraksionlari va dam olish maskanlari tashkil etiladi.
Mazkur obyektlarni 2028-yil 21-mart – Navro‘z bayrami arafasida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
750 ming kvadrat metrlik turar joy majmuasi bunyod etiladi
Loyihaning ikkinchi bosqichida umumiy maydoni 750 ming kvadrat metr bo‘lgan zamonaviy turar joy majmuasi quriladi.
Unda zamonaviy shaharsozlik tamoyillari asosida qulay va xavfsiz yashash muhiti yaratilishi, shuningdek, aholining kundalik ehtiyojlari uchun zarur ijtimoiy hamda muhandislik infratuzilmasi barpo etilishi ko‘zda tutilgan.
Turizm va xizmatlar sohasi rivojlanadi
Loyiha amalga oshirilishi natijasida Andijon viloyatining turistik salohiyatini oshirish, ichki va xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda xizmatlar sohasini rivojlantirish maqsad qilingan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xitoy kompaniyasi Toshkent viloyatida akvapark va koʻngilochar majmua qurishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.