3,5 ming dollar evaziga qamoq: kadastr tizimidagi poraxo‘rlar ushlandi

Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida yer maydonlari hamda kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berish evaziga jami $3,5 ming talab qilgan mansabdor shaxslar ushlandi. Bu haqda DXX xabar bermoqda.
Birinchi holat Davlat kadastrlari palatasining Buxoro viloyati boshqarmasida aniqlangan. Boshqarmaning bo‘lim boshlig‘i lavozimida ishlovchi mansabdor xizmat mavqeyidan foydalanib, mahalliy fuqaroning ishonchiga kirgani aytilmoqda.
U fuqaro tomonidan 2015-yilda Romitan tumani hokimligi zaxirasidagi 65 kvadrat metr yer maydonida o‘zboshimchalik bilan qurilgan savdo va xizmat ko‘rsatish binosini, shuningdek, unga tutash 35 kvadrat metr bo‘sh yer uchastkasini uning nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilgan.
Buning evaziga mansabdor $2,5 ming olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Qashqadaryoda investitsiyalar, sanoat va savdo bo‘limining xodimi qo‘lga olindi
Ikkinchi holat Qashqadaryo viloyatida qayd etildi. Viloyat investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasining Ko‘kdala tumani bo‘limida bosh mutaxassis bo‘lib ishlovchi shaxs 1964-yilda tug‘ilgan fuqaroga tegishli yer maydonini rasmiylashtirish uchun pul talab qilgan.
Mazkur 1 sotix yer maydoni fuqaroga 2019-yilda Chiroqchi tumani hokimining qarori bilan ajratib berilgan. Bosh mutaxassis Kadastrlar palatasi tizimida ishlovchi tanishlari orqali yerning kadastr hujjatlarini tayyorlash va davlat ro‘yxatidan o‘tkazib berish evaziga $1 ming so‘ragan.
Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda mansabdor talab qilingan pulni olayotgan vaqtida ushlangan.
Hozirda har ikki holat bo‘yicha gumonlanuvchilarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Tergov davomida voqealarning barcha tafsilotlari va boshqa shaxslarning ehtimoliy ishtiroki o‘rganilmoqda.
Avvalroq «Kursiv» chet elga ishga yuborish bo‘yicha to‘rtta firibgarlik fosh etilgani haqida yozgan edi.