
General Motors Braziliya bozorida 2027-yilgi Chevrolet Trailblazer High Country Midnight modelini rasman sotuvga chiqardi. Bu haqda GMAutority nashri xabar bermoqda.
Chevrolet Trailblazer Midnight Braziliyada modelning yangi ishlab chiqarish yilidagi asosiy yangilik sifatida taqdim etildi. Avtomobil General Motors’ning San-Joze-dus-Kampus shahridagi zavodida ishlab chiqariladi va Janubiy Amerikaning ayrim bozorlariga yetkazib beriladi.
Yangi modifikatsiya Trailblazer’ning eng yuqori High Country komplektatsiyasi asosida yaratilgan. Ishlab chiqaruvchi uni Chevrolet’ning Braziliyadagi qatorida yo‘lsiz hududlarda harakatlanish imkoniyati va oilaviy qulaylikni birlashtirgan eng ilg‘or SUV sifatida joylashtirmoqda.

Modelga General Motors’ning yuqori unumdor avtomobillar bo‘yicha mutaxassislari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan Ironman osmasi o‘rnatilgan. Amortizatorlar va prujinalar uch qator o‘rindiqli yirik avtomobilning og‘irligi hamda foydalanish sharoitlarini hisobga olgan holda maxsus moslashtirilgan.
Texnik imkoniyatlar
General Motors’ning Janubiy Amerikadagi 4×4 avtomobillar bo‘yicha bosh muhandisi Fabio Daumixenning aytishicha, muhandislar Trailblazer’ning oilaviy avtomobil sifatidagi xususiyatlarini saqlab qolgan holda uning yo‘lsiz hududlardagi imkoniyatlarini kengaytirishga intilgan. Shu sababli kuzov balandligidagi har bir o‘zgarish, osma sozlamalari va elektron tizimlar tayyor aksessuarlar to‘plami sifatida emas, alohida loyiha kabi sinovdan o‘tkazilgan.

Yangilangan osma hisobiga Chevrolet Trailblazer Midnight’ning kuzovi balandroq joylashtirilgan. Natijada avtomobilning yo‘lga kirish va undan chiqish burchaklari yaxshilangan, yerdan balandligi esa 320 mmga yetgan. Ishlab chiqaruvchiga ko‘ra, model o‘z sinfida suvli to‘siqlardan o‘tish bo‘yicha ham yuqori imkoniyatlarga ega.
SUV standart jihoz sifatida yo‘l va yo‘lsiz hududlarda foydalanishga mo‘ljallangan Michelin LTX Force shinalarini oldi. Barcha yangi qismlar zavod sharoitida o‘rnatilgan va sinovdan o‘tkazilgan. Ular umumiy kafolat bilan ta’minlanadi hamda yo‘l harakati va xavfsizlik talablariga javob beradi.

Midnight versiyasi tashqi ko‘rinishda ham standart Trailblazer’dan ajralib turadi. Modelda qora rangdagi bezak elementlari, maxsus g‘ildirak disklari va yanada agressiv ko‘rinish beruvchi detallar qo‘llangan. Shu bilan birga, uch qatorli salon va High Country komplektatsiyasiga xos qulayliklar saqlab qolingan.
Yangi Chevrolet Trailblazer Midnight Braziliyadagi rasmiy dilerlik markazlarida sotuvga chiqarildi. Modelning boshlang‘ich narxi 422,6 ming Braziliya realini yoki amaldagi kurs bo‘yicha qariyb $82,6 mingni tashkil etadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet’ning yangi avtomobili qanday narxda sotilishi haqida yozgan edi.