Chinor metro bekati 29-iyuldan yana yo‘lovchilar uchun ochiladi

eʼlon qilindi
Soat 05:00 dan boshlab
Chinor metro bekati 29-iyuldan yana yo‘lovchilar uchun ochiladi
Foto: Toshkent metropoliteni

Rekonstruksiya ishlari yakunlangach, Toshkent metropolitenining «Chinor» bekati 29-iyul kuni soat 05:00 dan boshlab yana yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishni boshlaydi. Bu haqda metropoliten matbuot xizmati xabar berdi.

Yangilanishlar natijasida bekatning o‘tkazuvchanlik quvvati ikki baravardan ko‘proqqa oshirildi.

Rekonstruksiya ishlari yakunlandi

Toshkent metropoliteni ma’lum qilishicha, bekatda yo‘lovchilar uchun yanada qulay va zamonaviy infratuzilma yaratish maqsadida keng ko‘lamli rekonstruksiya va kengaytirish ishlari amalga oshirildi. Ishlar Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-apreldagi yig‘ilish bayonnomasida belgilangan topshiriqlar asosida bajarilgan.

Turniketlar soni ikki baravardan ko‘proqqa oshdi

Rekonstruksiya davomida bekatning kirish va chiqish qismlari kengaytirildi. Avval 6 ta bo‘lgan turniketlar soni 13 taga yetkazildi. Shuningdek, yo‘lovchilarga noqulaylik tug‘dirgan o‘tish yo‘laklari qayta loyihalashtirilib, bekatlar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘tish imkoniyati yaratildi.

Kunlik xizmat ko‘rsatish quvvati 40 ming yo‘lovchigacha yetadi

Yangilanishlardan avval «Chinor» bekati kuniga o‘rtacha 15 ming nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan. Endilikda esa bekatning quvvati sezilarli oshirilib, kuniga 35–40 ming nafargacha yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent metrosining Yer usti halqa yo‘li soat 22:30 – 06:00 oralig‘ida vaqtincha yopilishi haqida yozgandi.

Shuningdek