Mirziyoyev to‘qqizta davlatning yangi elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qildi

O‘zbekistonga Italiya, Falastin, Saudiya Arabistoni, Kuvayt, Jazoir, Malayziya, Pokiston, Ozarbayjon va Qozog‘istonning yangi tayinlangan elchilari keldi. Prezident Shavkat Mirziyoyev ular bilan uchrashib, ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi.
Italiya bilan «yashil» energetika va ta’lim yo‘nalishlari kengayadi
Davlat rahbari Italiyani O‘zbekistonning muhim siyosiy va iqtisodiy hamkori sifatida e’tirof etdi. Tomonlar «yashil» energetika, metallurgiya, kimyo, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, ta’lim va turizm sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratdi.
Shuningdek, Toshkentdagi Turin politexnika universiteti va Piza universiteti filiallari faoliyati yuqori baholandi. Lombardiya va Toskana hududlari bilan tibbiyot mutaxassislarini tayyorlash bo‘yicha qo‘shma tashabbuslar qo‘llab-quvvatlanishi bildirildi.
Falastin masalasida O‘zbekiston o‘z pozitsiyasini tasdiqladi
Prezident Falastin bilan munosabatlar azaliy do‘stlik ruhida rivojlanayotganini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbari O‘zbekiston Isroil–Falastin mojarosini «ikki xalq uchun ikki davlat» tamoyili asosida tinch yo‘l bilan hal etish tarafdori ekanini yana bir bor qayd etdi. Shuningdek, mamlakatimizning G‘azoni tiklash bo‘yicha xalqaro tashabbuslarda ishtirok etayotgani eslatib o‘tildi.
Saudiya Arabistoni bilan $25 milliardlik loyihalar portfeli shakllangan
Uchrashuvda Saudiya Arabistoni bilan hamkorlik alohida tilga olindi. Qayd etilishicha, bugungi kunda ikki davlat o‘rtasida $25 milliardlik investitsiya loyihalari portfeli shakllantirilgan.
Bundan tashqari, tibbiyot, farmatsevtika va «yashil» energetika sohalarida yangi loyihalarni amalga oshirish uchun katta salohiyat mavjudligi, Haj va Umra ziyoratlari uchun yaratilayotgan qulay sharoitlar yuqori baholandi.
Kuvayt va Jazoir bilan investitsiyalar kengaytiriladi
Kuvayt bilan savdo, investitsiya, infratuzilma, sog‘liqni saqlash va ta’lim yo‘nalishlarida hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish rejalari muhokama qilindi. Neft-kimyo sanoati hamda davlat-xususiy sheriklik asosidagi loyihalarga alohida e’tibor qaratildi.
Jazoir bilan esa neft-gaz, energetika, tog‘-kon sanoati, qishloq xo‘jaligi va turizm sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, Hukumatlararo komissiya tuzish va Imtiyozli savdo bitimini imzolash muhimligi qayd etildi.
Malayziya va Pokiston bilan yangi imkoniyatlar
Prezident Malayziya bilan yarim o‘tkazgichlar, neft-kimyo, islom moliyasi va ziyorat turizmi yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligini ta’kidladi.
Pokiston bilan strategik sheriklikni yanada mustahkamlash, Toshkent–Karachi aviaqatnovlari, Transafg‘on transport yo‘lagi, sanoat kooperatsiyasi, energetika, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, farmatsevtika va turizm sohalaridagi loyihalarni jadallashtirish ustuvor vazifa sifatida belgilandi.
Ozarbayjon va Qozog‘iston bilan yirik maqsadlar
Davlat rahbari Ozarbayjon bilan investitsiya portfelini yaqin istiqbolda $10 milliardga yetkazish rejalashtirilganini ma’lum qildi. Shuningdek, savdo hajmi 40 foizga, qo‘shma korxonalar soni esa qariyb 450 taga yetgani qayd etildi.
Qozog‘iston bilan ham o‘zaro savdo hajmini $10 milliardga yetkazish asosiy maqsad ekani, $8 milliardlik qo‘shma investitsiya loyihalari portfeli shakllantirilgani hamda Markaziy Osiyo xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazini to‘liq ishga tushirishdan manfaatdorlik bildirildi.
Marosim yakunida Shavkat Mirziyoyev yangi tayinlangan elchilarga diplomatik faoliyatida muvaffaqiyat tilab, O‘zbekistonning barcha hududlari va xususiy sektori bilan faol hamkorlik qilishga chaqirdi.
Avvalroq «Kursiv» nashri Pokistonning O‘zbekistondagi yangi elchisi tayinlangani haqida yozgandi.