O‘tkirdan Mo‘mingacha: Raqobat qo‘mitasi vaynerlarni ogohlantirdi

eʼlon qilindi
Asilbek Amirov va Jasur Shodiyev ham bor
O‘tkirdan Mo‘mingacha: Raqobat qo‘mitasi vaynerlarni ogohlantirdi
Kollaj: Kursiv Uzbekistan

Raqobat qo‘mitasi fuqarolarni «Tashabbusli budjet» loyihasi doirasida ovoz berish evaziga pul mukofoti va’da qilayotgan norasmiy Telegram-botlar hamda ularning reklamalariga ishonmaslikka chaqirmoqda. Bu haqda qo‘mita Telegram kanalida ma’lum qildi.

Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, «Tashabbusli budjet» fuqarolarga o‘z hududidagi ijtimoiy muammolarni hal qilishga qaratilgan loyihalarni ilgari surish va ovoz berishda ishtirok etish imkonini beradi. Ovoz berish ixtiyoriy bo‘lib, buning uchun hech qanday to‘lov undirilmaydi yoki moddiy rag‘batlantirish berilmaydi.

So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda ayrim norasmiy Telegram-botlar orqali ovoz berish evaziga pul taklif qilinayotgani kuzatilgan. Bunday takliflar aholi orasida turli talqin va bahslarga sabab bo‘lib, jarayonning shaffofligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Ovoz berish faqat rasmiy yo‘llar orqali

Qo‘mita «Tashabbusli budjet» jarayonida ovoz berish faqat «Ochiq budjet» axborot portali, uning Android va iOS tizimlaridagi mobil ilovalari hamda Telegram’dagi rasmiy bot orqali amalga oshirilishini eslatdi. Amaldagi tartibga ko‘ra, berilgan ovozlar uchun haq olinmaydi va ovoz bergan fuqarolarga moddiy mukofot berish nazarda tutilmagan.

Norasmiy botlardan foydalanish yoki ular orqali tarqatilayotgan ma’lumotlarga ishonish jarayonning to‘g‘ri tashkil etilishiga salbiy ta’sir qilishi hamda huquqiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligi qayd etildi.

Kimlar ogohlantirildi

O‘tgan davrda pul evaziga ovoz berish mumkinligi haqidagi reklamalarni tarqatgan utkir_shodmonov sahifasi muallifi O‘tkir Shodmonov, Mominlive.1 sahifasi muallifi Abdurasul Ibrohimov, Aslbek_emir sahifasi muallifi Asilbek Amirov va jasjannew sahifasi muallifi Jasur Shodiyevga ogohlantirish hamda tushuntirishlar berilgan. Tegishli choralar ko‘rilib, mazkur reklamalar olib tashlangan.

Raqobat qo‘mitasi fuqarolardan faqat rasmiy manbalarga ishonish, norasmiy takliflarga aldanmaslik va shunday holatlarga duch kelganda vakolatli idoralarga xabar berishni so‘radi. Qo‘mita loyiha doirasida qonunchilik talablariga rioya etilishi ustidan tizimli monitoring olib borilayotganini hamda norasmiy botlar, haq evaziga ovoz berish yoki chalg‘ituvchi reklamalar aniqlansa, tegishli choralar ko‘rilishini bildirdi.

Avvalroq «Kursiv» alkogolli ichimliklarni reklama qilgan bloger ma’muriy javobgarlikka tortilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek