Bunyodkor ko‘chasida yo‘l yopiladi, 6 ta avtobus yo‘nalishi o‘zgaradi

Toshkentda 28-iyul soat 23:00 dan boshlab Bunyodkor ko‘chasidagi qo‘shimcha yo‘l bo‘lagining bir qismi avtomobillar harakati uchun yopildi. Bu haqda Тоshkent shahar transport bosh boshqarmasi xabar berdi.
Yo‘lning qaysi qismi yopiladi
Cheklov Bunyodkor ko‘chasidagi qo‘shimcha yo‘l bo‘lagining Kichik halqa yo‘lidan, ya’ni «Chilonzor» metrosi hududidan Qatortol-2 ko‘chasigacha bo‘lgan bir tomonlama qismida amal qiladi.
Yo‘l qurilish-ta’mirlash ishlari yakunlangunga qadar yopiq bo‘ladi.

Qaysi avtobuslar yo‘nalishi o‘zgaradi
- 41 va 116-sonli avtobuslar «Chilonzor buyum bozori» tomonga Kichik halqa yo‘li, Qatortol, Zargarlik, Qatortol-2 va Bunyodkor ko‘chalari orqali harakatlanadi.
- 77-sonli avtobus «Chilonzor 25-dahasi» tomonga Kichik halqa yo‘li, Qatortol, Zargarlik, Qatortol-2 va Al-Xorazmiy ko‘chalari orqali yuradi.
- 118-sonli avtobus «O‘zposlsavdo» bekati tomonga Bunyodkor ko‘chasi, Kichik halqa yo‘li va Qatortol ko‘chalari orqali harakatlanadi.
- 74 va 171-sonli avtobuslar qatnovi esa «Olmazor» metrosi bekatigacha qisqartiriladi.
Tirbandliklar ortishi mumkin
Toshkent shahar transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi cheklovlar davomida ushbu hududda tirbandliklar ortishi mumkinligini bildirdi.
Shu sabab avtobuslarning harakat jadvali va oraliq vaqti rejadagidan farq qilishi mumkin. Yo‘lovchilardan qatnovlarini oldindan rejalashtirish so‘raldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shahrisabz ko‘chasida BRT yo‘lagi uchun ta’mirlash ishlari boshlangandi. Qurilish-ta’mirlash ishlari Shahrisabz ko‘chasining 1,1 kilometrlik qismida amalga oshiriladi. Bu jarayonda yo‘lning markazidagi to‘rtta harakatlanish tasmasida ish olib boriladi.