
Kursiv Uzbekistan muxbiri Toshkentning Sergeli tumanidagi avtomobil bozorida bo‘lib, biznes uchun mo‘ljallangan ommabop minivenlar va ixcham tijorat avtomobillari narxlarini o‘rgandi. Bozorda Chevrolet Damas, Labo bilan bir qatorda Xitoyning Wuling, Changan hamda Shineray modellari ham taklif qilinmoqda.
«Xalq avtomobili» Damas qancha turadi?
Mazkur segmentdagi eng hamyonbop yo‘lovchi avtomobili Chevrolet Damas bo‘lib qolmoqda. Ishlab chiqarilgan yili va texnik holatiga qarab, 2000-yillarning o‘rtalarida chiqarilgan ikkilamchi bozordagi avtomobillar narxi taxminan 20 mln so‘mdan boshlanadi.

2015–2019-yillarda ishlab chiqarilgan Damas avtomobillari 40–56 mln so‘m, 2020–2022-yillardagi mashinalar 50–65 mln so‘m, 2023–2025-yillarda chiqarilgan minivenlar esa 60–85 mln so‘m oralig‘ida sotilmoqda.
Bozorda sotuvchilar Damas D2 deb atayotgan yangi avlod avtomobillari ham uchramoqda. Komplektatsiyasiga qarab, bunday minivenlarning narxi 100–126 mln so‘mni tashkil qiladi. Ayrim takliflar esa taxminan 79 mln so‘mdan boshlanadi.
Damas’ga Xitoy modellari ham asta-sekin raqobat tug‘dirmoqda. Sergeli bozorida yo‘lovchi tashishga mo‘ljallangan Shineray X30L qariyb 115–122 mln so‘mga, yangi Wuling minivenlari esa taxminan 120 mln so‘mga taklif qilinmoqda.
Changan va Shineray yuk mashinalari qancha turadi?
Kichik biznes uchun avtomobil tanlovi yanada keng. Eng hamyonbop variantlardan biri Chevrolet Labo bo‘lib qolmoqda. Ishlatilgan avtomobillarni qariyb 30–60 mln so‘mga topish mumkin. Yangi Labo‘lar esa komplektatsiyasiga qarab, odatda 96–110 mln so‘m turadi.

Poytaxt avtomobil bozorida Xitoyning Changan Star Plus minivenlari ham faol sotilmoqda. Yangi avtomobillar narxi 181 mln so‘mdan boshlanadi. Yo‘lovchi kabinasi va maxsus kuzovli versiyalari 216 mln so‘mgacha baholanmoqda. Ikkilamchi bozorda 2024-yilda ishlab chiqarilgan avtomobillar qariyb 120 mln so‘mga ham uchraydi.
Mazkur segmentdagi yana bir ishtirokchi — Shineray. Ushbu markaning yuk tashishga mo‘ljallangan versiyalari modifikatsiyasi va ishlab chiqarilgan yiliga qarab, taxminan 145–184 mln so‘m turadi. Ular ochiq bortli avtomobil va yopiq furgon shaklida taklif qilinmoqda.
Xitoy tijorat avtomobillari ko‘paymoqda
Kursiv Uzbekistan muxbirining kuzatuvlariga ko‘ra, Xitoy tijorat avtomobillari Toshkent bozorida tobora ko‘proq o‘rin egallamoqda. Bir necha yil avval takliflarning asosiy qismini Damas va Labo tashkil qilgan bo‘lsa, hozir ular qatorida yo‘lovchi va yuk tashishga mo‘ljallangan Wuling, Changan hamda Shineray modellari ham ko‘p uchramoqda.
Poytaxt bozorida yengil avtomobillar ham sotilmoqda. Ishlatilgan Chevrolet Nexia 3 narxi 36 mln so‘mdan, Chevrolet Cobalt esa 72 mln so‘mdan boshlanadi.
Yengil avtomobillarni bo‘lib to‘lash asosida ham rasmiylashtirish mumkin. Buning uchun 1,8 mln so‘mdan boshlanuvchi dastlabki to‘lovni amalga oshirish yetarli.
Avvalroq «Kursiv» Chevrolet yangi avtomobilini sotuvga chiqargani haqida yozgan edi.