Sport

Javohir Sindarov jahon toji uchun kim bilan bahslashadi

Javohir Sindarov jahon toji uchun kim bilan bahslashadi
Foto: Sindarov/ Instagram

O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov va amaldagi jahon chempioni, hindistonlik Gukesh Dommaraju o‘rtasidagi shaxmat bo‘yicha jahon chempionligi bahsi Shveysariyaning Jeneva shahrida o‘tkaziladi. Xalqaro shaxmat federatsiyasi — FIDE ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuv 2026-yil 25-noyabrdan 15-dekabrgacha davom etadi.

Musobaqa jahon shaxmati tarixidagi eng yosh chempionlik bahsiga aylanadi. Match boshlanadigan paytda Sindarov ham, Gukesh ham 20 yoshda bo‘ladi. FIDE mezbonlik uchun Hindiston, AQSh va Kipr ham qiziqish bildirganini, biroq yakunda neytral hudud sifatida Jeneva tanlanganini ma’lum qildi.

Jahon chempioni 14 partiyada aniqlanadi

Match 14 ta klassik partiyadan iborat bo‘ladi. Birinchi bo‘lib 7,5 ochko to‘plagan shaxmatchi jahon chempioni deb e’lon qilinadi va shundan keyin qolgan partiyalar o‘tkazilmaydi. Agar 14 partiya yakunida hisob teng bo‘lsa, chempion tay-breyk orqali aniqlanadi.

Foto: Instagram/ Sindarov

FIDE uchrashuvlarning batafsil taqvimi, chiptalar, tomoshabinlar uchun sharoitlar, ommaviy axborot vositalarini akkreditatsiyadan o‘tkazish va qo‘shimcha tadbirlar haqidagi ma’lumotlar keyinroq e’lon qilinishini bildirdi.

Gukesh jahon chempioni unvonini 2024-yil dekabrida Singapurda qo‘lga kiritgan. U xitoylik Din Lijenga qarshi matchning 14-partiyasida g‘alaba qozonib, 18 yoshida tarixdagi eng yosh jahon chempioniga aylangan edi. Endilikda hindistonlik grossmeyster o‘z unvonini Sindarovga qarshi himoya qiladi.

Sindarov Jenevaga qanday yo‘l oldi?

Javohir Sindarov jahon toji uchun kurashish huquqini 2026-yilda Kiprda o‘tkazilgan Nomzodlar turnirida qo‘lga kiritdi. O‘zbekiston vakili musobaqa yakuniga bir tur qolganida g‘oliblikni ta’minlab, eng yaqin ta’qibchilaridan ikki ochkoga o‘zib ketgan edi.

Bu natijadan avval Sindarov 2025-yilda Hindistonning Goa shtatida o‘tkazilgan FIDE Jahon kubogida ham chempion bo‘lgan. Final tay-breykida xitoylik Vey Ini mag‘lub etgan o‘zbekistonlik grossmeyster turnir tarixidagi eng yosh g‘olibga aylangan edi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Sindarov va Bibisora Assaubayeva bir-biriga atalgan futbolka kiygani haqida yozgan edi.