Jizzaxda qorovul ishlagan korxonasidan 4 yil davomida uskunalarni o‘g‘irlab kelgani aniqlandi

Jizzax shahridagi yirik tekstil korxonasida 2022-yildan buyon sodir etib kelingan yirik o‘g‘rilik holati fosh etildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, korxona xo‘jalik mudiri 112 xizmatiga murojaat qilib, to‘rt yil davomida korxona hududidan jami 91 dona elektr generatori va tikuv mashinasi o‘g‘irlab ketilganini bildirgan.
Tezkor tadbirlar qorovulga olib chiqdi
Holat yuzasidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida videokuzatuv yozuvlari va boshqa ma’lumotlar tahlil qilindi. Natijada Sirdaryo viloyati raqamidagi avtomobillar ayrim tunlari korxona hududiga kirib, tongda chiqib ketgani aniqlandi. Bu holatlar aynan Boyovut tumanida yashovchi qorovul navbatchilik qilgan kunlarga to‘g‘ri kelgani ma’lum bo‘ldi.
Mahalladoshlari bilan uskunalarni olib chiqib sotgan
Tergovga ko‘ra, qorovul navbatchilik vaqtida mahalladoshini korxonaga chaqirib, elektr generatorlari va tikuv mashinalarini noqonuniy ravishda olib chiqib sotgan. Uskunalarni tashishda yana ikki nafar mahalladoshi ham muntazam qatnashgani aniqlangan.
O‘g‘irlangan uskunalar Bekoboddan topildi
Surishtiruv davomida o‘g‘irlangan elektr generatorlari, tikuv mashinalari va mis kabellari Toshkent viloyatining Bekobod tumanida metallolom bilan shug‘ullanuvchi shaxsga sotilgani aniqlangan. Tezkor tadbirlar davomida undan 4 ta elektr generatori va 7 ta tikuv mashinasi ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.
Tergov davom etmoqda
Hozirda huquqni muhofaza qiluvchi organlar gumonlanuvchilarning boshqa o‘g‘rilik holatlariga ham aloqador yoki aloqador emasligini aniqlash maqsadida tezkor-qidiruv va protsessual harakatlarni davom ettirmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Samarqandda salkam 1 milliard soʻmlik tabiiy gaz o‘g‘irlangani haqida yozgandi.