Mirziyoyev Ostonada «Kelajak o‘yinlari» xalqaro musobaqasining ochilish marosimida qatnashdi

eʼlon qilindi
Musobaqalar 9-avgustga qadar davom etadi
Mirziyoyev Ostonada «Kelajak o‘yinlari» xalqaro musobaqasining ochilish marosimida qatnashdi
Foto: prezident.uz

Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrifi doirasida Ostona shahridagi Baris Arena muz saroyida o‘tkazilgan «Kelajak o‘yinlari» uchinchi xalqaro musobaqasining ochilish marosimida qatnashdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Mintaqa yetakchilari bir sahnada

Foto: prezident.uz

Tadbirda Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon hamda boshqa xorijiy delegatsiyalar vakillari ishtirok etdi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin marosim qatnashchilariga videomurojaat yo‘lladi.

Fijital sport targ‘ib qilindi

Marosim davomida fijital sport konsepsiyasi taqdim etildi. Ushbu yo‘nalish raqamli musobaqalarni an’anaviy sport va jismoniy faollik bilan uyg‘unlashtiradi. Tashkilotchilar turnirning asosiy maqsadi yoshlarni sport bilan muntazam shug‘ullanishga jalb etish ekanini ta’kidladi.

Foto: prezident.uz

Shavkat Mirziyoyev xalqaro musobaqa ishtirokchilarini qutlab, ularga muvaffaqiyat tiladi.

Sammit ham o‘tkazildi

Shu kuni sport va texnologiyalar vazirlari, diplomatik missiyalar rahbarlari hamda boshqa yuqori martabali vakillar ishtirokida fijital sport bo‘yicha xalqaro sammit ham bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston sportchilari uch yo‘nalishda ishtirok etadi

Ma’lumot uchun, ilk «Kelajak o‘yinlari» 2024-yilda Rossiyaning Qozon shahrida, ikkinchi musobaqa esa 2025-yilda BAAning Abu-Dabi shahrida tashkil etilgan.

Joriy yilgi turnirda O‘zbekiston sportchilari fijital futbol, lazertag va raqs yo‘nalishlarida ishtirok etadi. Musobaqalar 9-avgustga qadar davom etadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Qozog‘istonga yetib borgani haqida yozgandi.

Shuningdek