Pavel Durov terrorizm ishi bo‘yicha qidiruvga berildi

eʼlon qilindi
O‘tgan yil yozidan buyon mazkur ishlar doirasida 12 yoshdan 22 yoshgacha bo‘lgan 46 kishi qo‘lga olingan
Pavel Durov terrorizm ishi bo‘yicha qidiruvga berildi
Foto: Instagram/ Durov

Telegram messenjeri asoschisi Pavel Durov Rossiyada terrorchilik faoliyatiga ko‘maklashish bo‘yicha ochilgan jinoyat ishi doirasida xalqaro qidiruvga berildi. Rossiya Federal xavfsizlik xizmati unga rasman ayblov qo‘yilganini ma’lum qildi, deb xabar berdi «Kommersant».

Rossiya maxsus xizmatining da’vosiga ko‘ra, Telegram Ukraina maxsus xizmatlari, shuningdek, terrorchi va ekstremistik tashkilotlar foydalanayotgan ko‘plab kanal, chat va botlarni o‘chirmagan. FXX ularning ayrimlari hujumlarni tayyorlash, diversiya faoliyatiga odamlarni jalb etish va kiberfiribgarlik maqsadlarida ishlatilganini bildirmoqda. Bu iddaolar hozircha Rossiya tomonining ayblovi bo‘lib, sud hukmi chiqarilgani haqida ma’lumot yo‘q.

FXX ma’lumotiga ko‘ra, Ukraina maxsus xizmatlari Telegram-bot orqali rossiyalik yoshlarni diversiya harakatlariga jalb qilgan. O‘tgan yil yozidan buyon mazkur ishlar doirasida 12 yoshdan 22 yoshgacha bo‘lgan 46 kishi qo‘lga olingan. Ular huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlariga hujum qilish, obyektlarga o‘t qo‘yish va kriptovalyutada pul o‘tkazishda gumon qilinmoqda.

Bu birinchi marta emas

Durovga qarshi terrorchilik faoliyatiga ko‘maklashish bo‘yicha jinoyat ishi 2026-yil fevralida ochilgani ma’lum bo‘lgan edi. O‘shanda u ayblovlarni Rossiya hukumatining Telegram faoliyatini cheklash va platformaga bosimni kuchaytirish harakatlari sifatida baholagan.

Telegram yoki Pavel Durov 29-iyuldagi xalqaro qidiruv va yangi ayblov yuzasidan hozircha ochiq munosabat bildirmagan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Telegram messenjerida global uzilish yuz bergani haqida yozgan edi.

Shuningdek