Samsung Galaxy S26 Ultra yaxshimi yoki iPhone 16 Pro Max

29-iyul 2026 14:19 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Samsung Galaxy S26 Ultra yaxshimi yoki iPhone 16 Pro Max
Kollaj: Kursiv Uzbekistan

Samsung Galaxy S26 Ultra va iPhone 16 Pro Max premium smartfonlar segmentiga mansub bo‘lsa-da, ular turli davr mahsulotlari hisoblanadi. Kursiv Uzbekistan ikki modelning texnik imkoniyatlari va qulayliklarini taqqosladi.

Texnik imkoniyatlar

Galaxy S26 Ultra 6,9 dyuymli QHD+ Dynamic AMOLED 2X ekran bilan jihozlangan. Displey yangilanish chastotasini kontentga qarab 1 Hz dan 120 Hz gacha avtomatik o‘zgartira oladi. Modelning o‘ziga xos jihatlaridan biri Privacy Display funksiyasi bo‘lib, u ekran mazmunini yon tomondan qarayotgan odamlardan yashirish imkonini beradi. Qurilmada elektron qaydlar, chizmalar va masofadan boshqaruv uchun korpusga o‘rnatilgan S Pen ham mavjud.

Foto: depositphotos

iPhone 16 Pro Max ham 6,9 dyuymli OLED ekranga ega. Uning Super Retina XDR displeyi 2868 × 1320 piksel aniqlik, 120 Hz gacha moslashuvchan ProMotion chastotasi, Always-On rejimi va tashqi muhitda 2 ming nitgacha yorqinlikni qo‘llab-quvvatlaydi. Apple modelida Dynamic Island, Face ID, dasturlanadigan Action tugmasi va kamerani tez boshqarishga mo‘ljallangan Camera Control elementi mavjud.

Galaxy S26 Ultra Snapdragon 8 Elite Gen 5 for Galaxy protsessorida ishlaydi. U 12 yoki 16 GB operativ xotira hamda 256 GB, 512 GB yoki 1 TB ichki xotira bilan taklif qilinadi. iPhone 16 Pro Max esa olti yadroli markaziy protsessor, olti yadroli grafik blok va 16 yadroli Neural Engine’ga ega A18 Pro chipidan foydalanadi. Uning xotira variantlari ham 256 GB dan 1 TB gacha.

Dizayn

Galaxy S26 Ultra yirik, qat’iy chiziqlarga ega va professional qurilma ko‘rinishini saqlab qolgan. Korpus qalinligi 7,9 millimetr, og‘irligi 214 grammni tashkil qiladi. Orqa paneldagi kameralar alohida halqalar shaklida joylashtirilgan. Qurilma IP68 darajasida chang va suvdan himoyalangan.

Foto: depositphotos

iPhone 16 Pro Max titan ramka, mat shisha orqa panel va Ceramic Shield himoya oynasiga ega. Uning balandligi 163 millimetr, kengligi 77,6 millimetrni tashkil qiladi. Apple modelidagi yumaloqlashtirilgan burchaklar va tekis yon qirralar dizaynni soddaroq ko‘rsatadi. Qurilma ham IP68 himoya standartiga javob beradi va laboratoriya sharoitida olti metr chuqurlikdagi suvga 30 daqiqagacha tushirish uchun sinovdan o‘tkazilgan.

Galaxy S26 Ultra funksional dizaynga yaqinroq: katta ekran, S Pen va yashirin ko‘rishdan himoyalovchi displey asosiy o‘rinda turadi. iPhone 16 Pro Max esa minimalizm, materiallar sifati va Apple’ga xos tashqi ko‘rinishni afzal ko‘radigan xaridorlarga mos keladi.

Kamera

Kamera apparati bo‘yicha Galaxy S26 Ultra sezilarli darajada kuchliroq ko‘rinadi. Uning orqa qismida f/1.4 diafragmali 200 Mp asosiy kamera, 50 Mp ultra keng burchakli modul, besh karra optik yaqinlashtirishga ega 50 Mp telekamera va uch karra optik zumli 10 Mp ikkinchi telekamera o‘rnatilgan. Old kamera 12 Mp. Samsung modeli 100 karra sun’iy intellekt yordamidagi raqamli yaqinlashtirishni ham taklif qiladi.

Foto: Depositphotos

iPhone 16 Pro Max 48 Mp Fusion asosiy kamera, 48 Mp ultra keng burchakli modul va besh karra optik zumga ega 12 Mp telekamera bilan jihozlangan. Asosiy sensor ikki karra yaqinlashtirish rejimini ham yaratadi. Umumiy optik diapazon 10 karra, raqamli yaqinlashtirish esa 25 karra bilan cheklangan. Old qismda avtofokusli 12 Mp TrueDepth kamera mavjud.

Uzoq masofadagi obyektlarni suratga olish, yuqori aniqlikdagi kadrlar va kamera rejimlarining ko‘pligi bo‘yicha Galaxy S26 Ultra ancha imkoniyatli. 200 Mp sensor, ikkita telekamera hamda 3x va 5x optik zum foydalanuvchiga turli masofalarda erkinroq ishlash imkonini beradi.

Batareya

Galaxy S26 Ultra 5 000 mA/soat sig‘imli batareyaga ega. Samsung ma’lumotiga ko‘ra, qurilma 31 soatgacha video ko‘rishni ta’minlaydi. Mos quvvatlagich bilan akkumulyatorni taxminan 30 daqiqada 75 foizgacha to‘ldirish mumkin.

Foto: depositphotos

Apple batareya sig‘imini rasmiy texnik tavsifda ko‘rsatmaydi. Kompaniya iPhone 16 Pro Max bir quvvatda 33 soatgacha mahalliy video yoki 29 soatgacha internet orqali video namoyish etishini bildiradi. Simli quvvatlashda 30 daqiqada 50 foizgacha, MagSafe orqali esa 25 vattgacha simsiz quvvatlash imkoniyati mavjud.

Rasmiy video sinovi bo‘yicha iPhone 16 Pro Max ikki soatlik ustunlikka ega. Biroq Samsung tezroq quvvatlanadi va Android’dagi energiya tejash rejimlarini kengroq boshqarish imkonini beradi. Real foydalanish muddati ekran yorqinligi, mobil tarmoq, kamera, o‘yinlar va sun’iy intellekt funksiyalaridan foydalanishga qarab keskin farq qilishi mumkin.

O‘yin va ishlash tezligi

Galaxy S26 Ultra’dagi Snapdragon 8 Elite Gen 5 for Galaxy 2026-yilgi flagman protsessor hisoblanadi. Qualcomm uning yangi Oryon markaziy yadrolari, Adreno grafik tizimi va kuchli Hexagon sun’iy intellekt blokiga ega ekanini bildirgan. Samsung uzoq davom etadigan o‘yinlarda haroratni nazorat qilish uchun bug‘ kamerali sovitish tizimini ham qayta ishlab chiqqan.

Foto: depositphotos

iPhone 16 Pro Max’dagi A18 Pro hamon juda kuchli protsessor bo‘lib, kundalik ishlash, video tahrirlash va mobil o‘yinlarda yuqori tezlikni ta’minlaydi. iOS uchun o‘yinlarning optimallashtirilishi, Metal grafik muhiti va Apple apparat-dasturiy uyg‘unligi uning asosiy afzalligidir.

Biroq bu yerda avlod farqi muhim. Galaxy S26 Ultra ikki yil yangi platformada ishlaydi, kattaroq operativ xotira va yangilangan sovitish tizimiga ega. Og‘ir o‘yinlar, ko‘p vazifali ishlash, emulyatorlar va uzoq davom etadigan yuqori yuklamada Samsung modeli kengroq imkoniyat taklif qiladi.

iPhone 16 Pro Max esa tizimning soddaligi, ilovalarning barqaror ishlashi va Apple ekotizimidagi qurilmalar bilan tezkor aloqa qilishni qadrlaydigan foydalanuvchilar uchun kuchli variant bo‘lib qoladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Samsung Galaxy S25 smartfonining narxi pasaygani haqida yozgan edi.

Shuningdek