Toshkentdagi yirik savdo markazlarida kitob do‘konlari majburiy bo‘ladi

eʼlon qilindi
2031-yil 1-yanvarga qadar
Toshkentdagi yirik savdo markazlarida kitob do‘konlari majburiy bo‘ladi
Foto: SI / Kursiv Uzbekistan

Toshkent shahrini 2026–2027-yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha choralar belgilandi. Prezident qaroriga ko‘ra, 2031-yil 1-yanvarga qadar poytaxtda eksperiment tariqasida yangi tartiblar joriy etiladi, jumladan, maydoni 5 ming kvadrat metrdan ortiq savdo markazlarida kitob do‘konlari tashkil etish majburiy bo‘ladi.

Har bir tuman maxsus iqtisodiy va sanoat zonalari bilan bog‘lanadi

Qarorga ko‘ra, Toshkent shahridagi barcha tumanlarni maxsus iqtisodiy va sanoat zonalari bilan bog‘lash rejalashtirilgan.

Bu orqali tumanlarning iqtisodiy salohiyatini oshirish va yangi loyihalar sonini ko‘paytirish maqsad qilingan. Har bir tumanga loyihalarni joylashtirish uchun maxsus iqtisodiy va sanoat zonalari hududidan yer maydonlari biriktiriladi. Bu Toshkent shahar hokimi qarori bilan amalga oshiriladi.

Olmazorda Yoshlar kreativ parki tashkil etiladi

Olmazor tumanida joylashgan Yoshlar markazi binosida Yoshlar kreativ parki tashkil qilinadi.

Mazkur park yoshlarning istiqbolli startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, xorijiy tillar va zamonaviy kasblarga o‘qitish, shuningdek, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Poytaxtda Book cafe’lar va «kitob ko‘chalari» ochiladi

«Toshkent kitob tijorat» uyushmasiga a’zo bo‘lgan, kitob savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga yangi imkoniyatlar beriladi.

Ular aholi gavjum joylar, bozorlar, yirik savdo markazlari va shoh ko‘chalarda yengil konstruksiyali kitob do‘konlarini o‘rnatishi mumkin bo‘ladi. Shuningdek, Book cafe’lar tashkil etish va poytaxtda barpo etilayotgan tunu kun ishlaydigan sayilgohlarda «kitob ko‘chasi» faoliyatini yo‘lga qo‘yishga ruxsat beriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yangi Toshkentdagi Milliy kutubxona joriy yilda ishga tushirilishi haqida xabar berilgandi. Umumiy maydoni 30 ming kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan majmuada ishlarning 90 foizi bajarilgan, obyektni joriy yilda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

Shuningdek