
FIFA 2026-yilgi Jahon chempionati finalida Ispaniyaga 0:1 hisobida mag‘lub bo‘lgan Argentina terma jamoasi futbolchilari va murabbiylar shtabi a’zolarining xatti-harakatlari yuzasidan intizomiy ish boshladi. Bu haqda BBC Sport xabar berdi.
O‘zi nima bo‘lgan edi
Final hushtagi yangragach, Nyu-York — Nyu-Jersi stadionida Argentina va Ispaniya vakillari o‘rtasida janjal kelib chiqqan. Hodisada argentinalik bir nechta futbolchi hamda murabbiylar shtabi a’zolari qatnashgani aytilmoqda. FIFA avvalroq vaziyatni o‘rganish uchun intizomiy va etika masalalari bo‘yicha prokuror tayinlagan edi.

Tekshiruv doirasida argentinalik Nahuel Molina ikki, Leandro Paredes uch, yordamchi murabbiy Roberto Ayala esa bir marta hujum qilishda gumon qilinmoqda. Molina, shuningdek, sportga xos bo‘lmagan xatti-harakat sodir etganlik bo‘yicha ham javobgarlikka tortilishi mumkin. Argentina futbolchisi Thiago Almada va Ispaniya yarim himoyachisi Gaviga nisbatan ham xuddi shunday ayblov ilgari surilgan.
Qanday jazo qo‘llanishi mumkin

FIFA intizom kodeksiga ko‘ra, sportga xos bo‘lmagan xatti-harakat uchun kamida bir o‘yinlik, hujum qilish holati uchun esa kamida uch o‘yinlik diskvalifikatsiya belgilanishi mumkin.
Argentina futbol assotsiatsiyasiga nisbatan ham turnir davomida sodir etilgan ehtimoliy qoidabuzarliklar bo‘yicha ish ochilgan. Ular sport tadbiridan sportga aloqador bo‘lmagan namoyishlar uchun foydalanish, jamoaviy tartibsizlik, kamsitish va irqchilik, shuningdek, o‘yinlarda xavfsizlik hamda tartibni buzish bilan bog‘liq.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Coca-Cola savdosi JCh – 2026 da 17 yillik rekordni yangilagani haqida yozgan edi.