Infantino FIFA’ning 20 mlrd dollarlik rejasini himoya qildi

eʼlon qilindi
Loyiha FIFA Forward Enterprise nomli yangi tijoriy kompaniya tashkil etishni nazarda tutadi
Foto: lobal Look Press

Xalqaro futbol federatsiyasi prezidenti Janni Infantino FIFA musobaqalarining tijoriy faoliyatiga xususiy investorlarni jalb qilish rejasiga bildirilgan tanqidlarga javob berdi.

Unga koʻra, hozircha gap yakuniy bitim haqida emas, balki tashkilotga aʼzo federatsiyalar muhokamasiga kiritilgan taklif haqida bormoqda.

FIFA nimani sotmoqchi?

Loyiha FIFA Forward Enterprise nomli yangi tijoriy kompaniya tashkil etishni nazarda tutadi. Taxminan $20 mlrdga baholanayotgan kompaniya Jahon chempionati va FIFA’ning boshqa musobaqalariga oid translyatsiya, homiylik, chiptalar savdosi hamda litsenziyalash kabi tijoriy yoʻnalishlarni boshqaradi.

FIFA yangi kompaniyaning 20 foizgacha boʻlgan ulushini tashqi investorlarga sotib, qariyb $4,2 mlrd jalb etishni rejalashtirgan. Shu bilan birga, tashkilot kompaniyadagi nazorat paketini, futbol boshqaruvi va musobaqalarga oid qarorlarni oʻzida saqlab qolishini bildirmoqda. Shu sababli loyiha Jahon chempionatining oʻzini sotishdan koʻra, uning tijoriy faoliyatini yuritadigan tuzilmaga investor kiritishni anglatadi.

«Eng muhimi, bu majburiyat emas, balki imkoniyat. Bu shunchaki taklif», — dedi Infantino.

Uning soʻzlariga koʻra, loyiha FIFAning hozirgacha toʻliq foydalanilmagan tijoriy salohiyatini ishga solib, dunyo boʻylab futbol rivojlanishini tezlashtirishi mumkin.

Infantino taklif tashkilotning 211 ta aʼzo assotsiatsiyasi tomonidan ovozga qoʻyilishi va FIFA Kengashi tomonidan tasdiqlanishi kerakligini taʼkidladi. Uning fikricha, yangi tuzilma homiylik, translyatsiya va litsenziyalashdan olinadigan daromadlarni oshirish uchun qoʻshimcha tajriba hamda investitsiyalarni jalb etadi.

Federatsiyalarga $40 mlngacha yordam vaʼda qilindi

FIFA aʼzo federatsiyalarga loyihani qoʻllab-quvvatlash boʻyicha 2026-yil 19-sentabrgacha qaror qabul qilishni taklif qilgan. Rejaga qoʻshilgan har bir assotsiatsiya bir martalik $20 mln miqdoridagi FIFA Fast-Forward mablagʻini olish uchun ariza topshirishi mumkin.

Bundan tashqari, 2027–2030-yillardagi rivojlantirish dasturlari hisobga olinsa, har bir federatsiya uchun ajratiladigan umumiy yordam $40 mlngacha yetishi mumkin. FIFA loyiha maʼqullansa, futbol rivojiga yoʻnaltiriladigan umumiy mablagʻni $10 mlrddan oshirishni rejalashtirmoqda. Taklif rad etilsa, amaldagi dasturlar doirasidagi moliyalashtirish hajmi ancha kam boʻlishi aytilgan.

Infantinoning shaxsiy manfaati haqidagi daʼvolar

Britaniyaning The Times nashri loyiha kelajakda Infantinoning oʻziga ham oʻn millionlab funt daromad keltirishi mumkinligini yozdi. Biroq bu ehtimol uning FIFA prezidentligidagi muddati 2031-yilda yakunlanganidan soʻng yangi kompaniyada rahbarlik lavozimini egallashi kabi shartlarga bogʻlangan. FIFA Infantinoga shaxsiy toʻlov berilishi haqidagi maʼlumotni rasman tasdiqlamagan.

Potensial investorlar orasida AQShlik tadbirkor Joshua Kushner boshqaradigan Thrive Capital kompaniyasi tilga olinmoqda. Kushner AQSh prezidenti Donald Trampning kuyovi va sobiq maslahatchisi Jared Kushnerning ukasi hisoblanadi. Shu bois muxolif tomonlar muzokaralar ishtirokchilarining siyosiy aloqalariga ham eʼtibor qaratmoqda.

UEFA shaffoflik yetishmaganini bildirdi

UEFA va qator milliy futbol federatsiyalari loyiha oldindan yetarlicha muhokama qilinmagani, uning boshqaruv tizimi va huquqiy oqibatlari haqida toʻliq maʼlumot taqdim etilmaganini tanqid qildi. Yevropa futbol tashkiloti tijoriy manfaatlar futbol boshqaruvi va musobaqalar mazmuniga taʼsir qilishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda.

Buyuk Britaniya bosh vaziri Endi Byornem ham Jahon chempionati sotiladigan mahsulot emasligini aytib, futbol avvalo muxlislarga tegishli ekanini taʼkidladi. Byornem 2026-yil 20-iyuldan buyon Buyuk Britaniya hukumatiga rahbarlik qilmoqda.

Infantino esa investorlar futbol qoidalari, musobaqalar formati yoki tashkilot boshqaruviga aralasha olmasligini bildirdi. Uning taʼkidlashicha, loyiha amalga oshsa, muxlislar uchun futbolning oʻzi oʻzgarmaydi, qoʻshimcha daromadlar esa infratuzilma, bolalar va ayollar futboli hamda milliy jamoalarni rivojlantirishga sarflanadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan FIFA JCh-2026 finalidan keyin Argentinaga qarshi intizomiy tergov boshlagani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek