IT mutaxassisi Asadbek Mahmudov Yandex Uzbekistan loyihasida maktab o‘quvchilariga dasturlashni o‘zlashtirishda qanday yordam berayotgani haqida

Yandex Uzbekistan Dasturlash maktabida navbatdagi o‘quv yili yakunlandi. Toshkent, Samarqand va Urganch shaharlaridan 81 nafar o‘smir Python dasturlash tili asoslarini bepul o‘rgandi. Bir yil davomida o‘quvchilar dasturlash, algoritmlar va dasturiy ta’minot ishlab chiqish vositalarini o‘zlashtirishdi.
Loyiha maktab o‘quvchilariga nafaqat Python asoslarini o‘rgatadi, balki ularda tizimli fikrlashni shakllantirish, noan’anaviy yechimlarni izlash va IT sohasidagi ilk qadamlarini tashlashga ham yordam beradi. Maktab o‘qituvchilaridan biri Inha University bitiruvchisi Asadbek Mahmudov. U nima uchun o‘quvchilar bilan birga o‘rganish muhimligi, darslarda qanday qilib kutilmagan yechimlar paydo bo‘lishi va bunday loyihalar kelajak IT mutaxassislarini tayyorlashda qanday ahamiyatga ega ekani haqida so‘zlab berdi.
Yandex Uzbekistan Dasturlash maktabi
Yandex Uzbekistan Dasturlash maktabi — 14 – 17 yoshli o‘smirlar uchun mo‘ljallangan bepul ta’lim dasturi. Bir yil davomida ishtirokchilar Python dasturlash tili, algoritmlar va dasturiy ta’minot yaratish vositalarini o‘rganib, amaliy vazifalarni bajaradilar.

2024 yilda loyiha ilk bor Toshkentdan tashqariga chiqdi: Samarqandda an’anaviy mashg‘ulotlar yo‘lga qo‘yildi, Urganchdagi o‘quvchilar uchun esa onlayn ta’lim imkoniyati yaratildi.
Maktabda darslarni dasturchilar, oliy ta’lim muassasalari o‘qituvchilari, maktab pedagoglari hamda texnik yo‘nalishlarda tahsil olayotgan talabalar olib boradi. Ular loyihada ishtirok etishdan avval maxsus saralash bosqichidan o‘tadi.
Loyihaning hamkorlari – Toshkentda Inha University, Samarqandda Wepro IT maktablari tarmog‘i va Urganchda IT Park Xorazm.
— Asadbek, avvalo o‘zingiz haqingizda qisqacha so‘zlab bersangiz. IT sohasiga qanday kirib kelgansiz va nima uchun Yandex Uzbekistan Dasturlash maktabiga qo‘shilishga qaror qildingiz?
— Men Inha University’ning «Kompyuter ilmlari va dasturiy muhandislik» yo‘nalishini tamomlaganman. Hammasi ikkinchi kursda boshlangan. O‘shanda menga mahallamizdagi bolalarga dasturlash asoslarini o‘rgatish uchun amaliyot o‘tashni taklif qilishgan. Bu tajriba menga juda yoqdi va keyinroq universitet rasman ishga taklif qildi.

Keyin Yandex Uzbekistan universitetimiz bazasida Dasturlash maktabini ochishni rejalashtirayotganini bildim. Loyiha vakillari bilan suhbatlashdim, intervyudan o‘tdim va mamnuniyat bilan jamoaga qo‘shildim.
Shundan beri turli yirik IT loyihalarda ishlab kelyapman va shu bilan birga Dasturlash maktabida dars berib, amaliy tajribamni o‘quvchilar bilan bo‘lishyapman.
— Sizga o‘qituvchilikning qaysi jihati ko‘proq yoqadi?
— Eng avvalo, muhiti. Bu yerda juda samimiy atmosfera bor: hamkasblar ham, o‘quvchilar ham doim bir-birini qo‘llab-quvvatlaydi. Asosiy ilhomlantiradigan jihati shuki, o‘quvchilar bu yerga o‘z xohishi bilan kelgan. Ular, haqiqatan ham, bilim olishni va muvaffaqiyatga erishishni istaydi. Buni birinchi darsning o‘zidayoq his qilish mumkin.

— O‘quvchilar bilan ishlash jarayoni qanday kechadi? Ta’lim jarayonidagi ishtirokingiz qay darajada?
— Bu yerda o‘qitish faqat bilim berish emas, balki birgalikda rivojlanish demakdir. Men nazariyani tushuntiraman, lekin ko‘p hollarda masalalarni birgalikda yechamiz. Menga eng yoqadigan tomoni – o‘quvchilar ba’zan kutilmagan yechimlarni taklif qilishadi. Ayrim hollarda ularning yondashuvi hatto klassik usullardan ham samarali bo‘ladi.
Men ularni darsga maksimal darajada jalb qilishga harakat qilaman. Masalan, kodning tuzilishini qanday qurish yoki vazifani qayerdan boshlash haqida fikrlarini so‘rayman. Shu tariqa ular faqat tinglovchi emas, balki muhokama qiladigan, tahlil etadigan va taklif beradigan faol ishtirokchiga aylanadi.
Amalda darhol qo‘llab bo‘lmaydigan nazariy mavzularni tushuntirish eng qiyin vazifalardan biri. Lekin o‘zimning kasbiy va tadqiqot tajribamga tayanib, hayotdan misollar keltiraman. Shu orqali nazariya kelajakda, albatta, asqotadigan bilimga aylanadi.

— Qaysi mavzular o‘quvchilarda eng katta qiziqish uyg‘otadi?
— Ko‘proq mantiqiy fikrlashni talab qiladigan, matematika, fizika yoki geometriyadan olingan bilimlarni qo‘llash mumkin bo‘lgan vazifalar ularga juda qiziq. O‘quvchilar bu fanlardagi bilimlarni dasturlash orqali qanday ishlatish mumkinligini ko‘rib, vazifani muvaffaqiyatli bajarishganda chindan ham quvonishadi.
— Sizningcha, Dasturlash maktabi an’anaviy ta’limni qanday to‘ldiradi?
— Menimcha, bu shunchaki qo‘shimcha emas, balki mustaqil ta’lim yo‘nalishi. IT sohasida karyera qurishni istaganlar bu yerda mustahkam poydevor yaratadi. Boshqa sohani tanlaganlar uchun ham dasturlash ko‘nikmalari kelajakda albatta kerak bo‘ladi. Bu insonda tizimli fikrlashni shakllantiradi va murakkab vazifalarni osonroq hal qilishga yordam beradi.

— Bunday loyihalar nafaqat o‘quvchilar, balki butun IT sohasi uchun nimasi bilan muhim?
— Avvalo, ular yoshlarga o‘z salohiyatini ochish va IT kasblariga ishonch bilan qadam tashlash imkonini beradi. Ikkinchidan, bu butun soha rivoji uchun muhim. Chunki yaxshi tayyorgarlikka ega, bilimli va motivatsiyasi yuqori bo‘lgan yoshlar qancha ko‘p bo‘lsa, IT industriyasi ham shuncha tez va sifatli rivojlanadi. Bunday loyihalar kelajakka qilingan investitsiyadir.
— Ta’lim jarayonida ishtirokchilar qanday ko‘nikmalarga ega bo‘ladi? Masalan, loyiha asosida ishlash yoki jamoada hamkorlik qilishga alohida e’tibor qaratiladimi?
— Albatta. Masalan, bizda juda faol hamjamiyat shakllangan. Barcha o‘quvchilar ishtirok etadigan umumiy chatimiz bor. U yerda ular savol beradi, fikr almashadi. Men bunday muloqotni qo‘llab-quvvatlayman. Chunki bir o‘quvchining savoliga berilgan javob barchaga foydali bo‘ladi. Ayrim paytlarda esa savolga mendan ham oldin boshqa o‘quvchilar javob berishadi. Bu esa haqiqiy bilim almashinuvidir.
Topshiriqlar har bir o‘quvchi tomonidan alohida bajariladi. Lekin ular bir-biri bilan maslahatlashadi, tushunmagan joylarini muhokama qiladi. Bu jamoaviy ish muhitini shakllantiradi va kelajakda haqiqiy IT-loyihalarida tezroq moslashishlariga yordam beradi.

— O‘quvchilaringiz orasida siz uchun alohida esda qolgan voqealar yoki yutuqlar bo‘lganmi?
— Hali klassik ma’nodagi yirik loyihalar bo‘lmagan. Lekin o‘quv vazifalarini bajarish jarayonining o‘zidayoq bolalarning qanday o‘zgarayotganini ko‘rish mumkin. Ularda o‘zlariga bo‘lgan ishonch ortadi, tizimli fikrlash shakllanadi, qiziqarli yechimlar taklif qilishni boshlashadi. Ba’zan murakkab masalaga aynan o‘quvchilar kutilmagan va juda samarali yechim taklif qilishadi. Bu menga katta ilhom beradi. Hozirning o‘zidayoq ayrim o‘quvchilar rezyume qanday tuzilishini, stajirovkaga qanday hujjat topshirishni so‘rashyapti. Kimdir o‘z startap g‘oyasini ishlab chiqishni boshlagan, yana ayrimlari stajirovka takliflarini ham olgan.

Bundan tashqari, oramizda allaqachon IT sohasida faoliyat boshlagan, turli tadbirlarni tashkil etishda qatnashadigan yoshlar ham bor. Ayrimlari esa kompyuter ilmlari yo‘nalishidagi universitetlarga o‘qishga kirishgan. Ular bilan tasodifan bo‘lsa ham uchrashib, suhbatlashib qolish men uchun doimo quvonchli.
— Sizningcha, Dasturlash maktabidagi ta’lim yoshlarga kelajakda qanday yordam beradi?
— Bu juda yaxshi poydevor. Bu yerda o‘quvchilar hal qiladigan vazifalar oson emas. Har biri o‘ziga xos. Ular algoritmik fikrlashni shakllantiradi. Kursni tugatgach, o‘quvchilarga boshqa platformalardagi vazifalarni yechish ham ancha osonlashadi. Ular fikrlashni, tahlil qilishni va muammoga yechim topishni o‘rganadi.
— Dasturlashni endi boshlayotgan yoshlarga qanday maslahat berasiz?
— Eng muhimi taslim bo‘lmaslik kerak. Bu yo‘l har doim ham oson emas. Lekin IT sohasida o‘zingizga mos yo‘nalishni topsangiz, hammasi ancha yengil kechadi. Bugun internetda bilim olish uchun juda ko‘p manbalar bor. Izlaning, turli yo‘nalishlarni sinab ko‘ring, sizga haqiqatan qiziq bo‘lgan sohani toping. O‘sha yo‘nalishni topganingizdan keyin IT qanchalik qiziq va istiqbolli soha ekanini his qilasiz. Bu o‘z ustida ishlash imkoniyati ham, yaxshi karyera ham demakdir. Bizdagi ko‘plab o‘quvchilar hozirning o‘zidayoq o‘z ustida ishlamoqda va stajirovkalardan o‘tishyapti. Bu juda quvonarli. Men yangi boshlayotganlarga avvalo dasturlashning turli yo‘nalishlari bilan mustaqil tanishib chiqishni tavsiya qilaman. Buning uchun internetdagi asosiy materiallarning o‘zi yetarli. Eng muhimi, aynan qaysi sohaga qiziqishingizni aniqlab, boshqalarning fikri yoki urf bo‘lgan yo‘nalishlarga ergashmasdan, o‘z yo‘lingizdan izchil borish.

Sifatli manbalardan foydalanib, muntazam mehnat qilinsa, muvaffaqiyatga erishish mumkin. Agar ma’lum vaqtdan keyin ham qaysi yo‘nalishni tanlash borasida ikkilanish qolsa, soha mutaxassisi bilan maslahatlashish foydali bo‘ladi.
— Bugungi bolalar va ularning qiziqishlari qanday o‘zgaryapti?
— Mening kuzatishimcha, bolalar texnologiyalar bilan juda erta tanisha boshlayapti. Bu esa ularda raqamli dunyoga qiziqishni kuchaytiradi. Zamonaviy texnologiyalar tufayli ular IT sohasiga tezroq kirib kelishi va o‘z g‘oyalarini amalga oshirishga harakat qilishi mumkin. Biroq buning boshqa tomoni ham bor. Ayrimlarda fundamental bilimlarni o‘rganishga havas kamroq. Chunki ba’zi oddiy natijalarga chuqur bilimsiz ham erishish mumkin. Ammo tez va barqaror muvaffaqiyatga, odatda, o‘z ishiga chindan ham qiziqadigan yoshlar erishadi. Ular yaxshi poydevorsiz yuqori natijaga chiqib bo‘lmasligini yaxshi tushunishadi.

— Siz bu yo‘nalishda qanday yangi trendlarni kuzatyapsiz?
— Ilgari nufuzli universitetga kirish ko‘pchilik uchun faqat orzu bo‘lgan bo‘lsa, hozir yoshlarda buning aniq rejasi paydo bo‘layapti. Ota-onalar ham farzandining kelajakdagi ta’limi bo‘yicha ko‘proq maslahat so‘ray boshladi. Meni eng quvontiradigan jihat esa shuki, bolaning rivojlanishiga nafaqat ota-ona, balki uning o‘zi ham qiziqyapti.
O‘quvchilarda startaplar va yangi loyihalar bo‘yicha g‘oyalar tobora ko‘paymoqda. Ular jamoa tuzishdan va rejalar ishlab chiqishdan qo‘rqishmaydi. Avvallari ko‘pchilik faqat IT’ning eng mashhur ikki-uch yo‘nalishini tanlardi. Hozir esa yoshlar turli sohalarni sinab ko‘rishga va o‘z o‘rnini ongli ravishda topishga harakat qilmoqda.