Meta Platforms aksiyalari 10 foizga pasaydi

Facebook va Instagram egasi Meta Platforms aksiyalari qariyb 10 foizga pasaydi. Bu haqda Bloomberg nashri xabar bermoqda.
Investorlar kompaniyaning 2026-yil uchinchi choragi uchun bergan daromad prognozi, sun’iy intellektga sarflar oshishi hamda erkin pul oqimining keskin qisqarishidan xavotirga tushmoqda.
Erkin pul oqimi 91% kamaydi
Meta’ning 2026-yil ikkinchi choragidagi erkin pul oqimi $784 mlnni tashkil etdi. Bir yil avval bu ko‘rsatkich $8,55 mlrdga teng edi. Shunday qilib, kompaniya tasarrufida operatsion va kapital xarajatlardan keyin qoladigan mablag‘ 91% kamaydi.
Bu 2022-yil oxiridan buyon qayd etilgan eng past ko‘rsatkich bo‘ldi. O‘sha davrda ham investorlar Meta’ning metakoinot loyihalariga haddan tashqari ko‘p mablag‘ sarflayotganidan xavotir bildirgan edi. Hozir esa kompaniya xarajatlarining asosiy qismi sun’iy intellekt modellari, serverlar, chiplar va ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarini rivojlantirishga yo‘naltirilmoqda.
Meta bir vaqtning o‘zida sun’iy intellekt funksiyalariga ega aqlli ko‘zoynaklar va boshqa qurilmalarni ishlab chiqmoqda. Yangi modellarni o‘qitish va kompaniya ilovalarida sun’iy intellekt xizmatlarini ishga tushirish uchun esa ulkan hisoblash quvvatlari talab etiladi.
Daromad oshdi, foyda esa kamaydi
Kompaniyaning ikkinchi chorakdagi tushumi yillik hisobda 28% oshib, $60,8 mlrdga yetdi. Bu tahlilchilar kutgan qariyb $60,2 mlrdlik natijadan yuqori bo‘ldi. Meta daromadining asosiy qismini reklama biznesi ta’minlashda davom etmoqda.
Shunga qaramay, sof foyda 13,6% kamayib, $15,85 mlrdni tashkil etdi. Bir yil avval kompaniya $18,34 mlrd foyda olgan edi. Har bir aksiya hisobiga foyda $6,18 bo‘ldi. Bozor ishtirokchilari esa taxminan $7,2 atrofidagi natijani kutgan.
Meta’ning operatsion foydasi ham 8% qisqarib, $18,78 mlrdga tushdi. Kompaniya xarajatlari esa bir yil ichida 55% oshib, $42,03 mlrdga yetdi.
Moliyaviy direktor Syuzan Li kompaniyaning operatsion natijalariga sud jarayonlari va xodimlarni qisqartirish bilan bog‘liq xarajatlar ta’sir qilganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu bir martalik xarajatlarsiz operatsion foyda yillik hisobda 9% oshgan bo‘lardi.
Hisobot davrida Meta sud ishlari bilan bog‘liq $2,4 mlrd va xodimlarga ishdan bo‘shatish nafaqalarini to‘lash uchun $1,18 mlrd xarajat qilgan.
Yangi prognoz bozor kutganidan past bo‘ldi
Meta 2026-yilning uchinchi choragida $61–64 mlrd miqdorida daromad olishni kutmoqda. Ushbu diapazonning o‘rtacha qiymati $62,5 mlrdni tashkil etadi. Tahlilchilar esa kompaniya daromadi taxminan $63,1 mlrd bo‘lishini prognoz qilgan edi.
Meta valyuta kurslarining joriy darajasi saqlanib qolsa, bu omil yillik daromad o‘sish sur’atini qariyb bir foiz punktiga pasaytirishi mumkinligini ham ma’lum qildi.

Kompaniya 2026-yil uchun kapital xarajatlar prognozini $130–145 mlrd diapazonigacha toraytirdi. Avvalgi prognoz $125–145 mlrdni tashkil etgan. Yil boshida esa Meta kapital xarajatlarga $115–135 mlrd yo‘naltirishni rejalashtirgan edi.
Quyi chegaraning ketma-ket oshirilishi investorlarning sun’iy intellekt loyihalariga sarflanayotgan mablag‘lar qachon va qanday daromad keltirishi haqidagi savollarini kuchaytirdi.
Meta ilovalaridan 3,6 mlrd kishi foydalanmoqda
Hisobot choragida Meta oilasiga kiruvchi Facebook, Messenger, Instagram, WhatsApp va Threads ilovalarining kunlik faol foydalanuvchilari soni 3% oshib, 3,6 mlrd kishiga yetdi. Biroq bu natija Uoll-strit kutgan ko‘rsatkichdan biroz past bo‘ldi.
Mark Sukerbergning ma’lum qilishicha, Instagram kunlik auditoriyasi 2 mlrd kishiga yetgan, Threads’ning oylik faol foydalanuvchilari soni esa 500 mlnni tashkil etgan.
Foydalanuvchilar soni va reklama tushumi o‘sayotganiga qaramay, bozor uchun asosiy masala Meta sun’iy intellekt loyihalarini mustaqil daromad manbaiga aylantira olishi yoki yo‘qligicha qolmoqda.
Meta hisoblash quvvatlarini sotishi mumkin
Mark Sukerberg kompaniyaning hisoblash quvvatlarining katta qismi sun’iy intellekt modellarini o‘qitish, asosiy biznesni rivojlantirish, shaxsiy AI-agentlar va yangi mahsulotlar yaratishga yo‘naltirilishini bildirdi.
Shu bilan birga, Meta kelajakda yirik korporativ mijozlarga hisoblash quvvatlarini taqdim etish orqali alohida biznes yo‘nalishini shakllantirishni rejalashtirmoqda. Sukerbergning aytishicha, kompaniya o‘z hisoblash resurslarini dastlabki xarid narxidan ancha yuqori bahoda ijaraga olish bo‘yicha takliflar olmoqda.
Bu strategiya Meta’ni Amazon, Microsoft va Alphabet kabi bulutli xizmatlar bozorida faoliyat yurituvchi texnologik gigantlarga yaqinlashtirishi mumkin. Biroq hozircha kompaniya daromadining katta qismi reklamaga bog‘liq bo‘lib qolmoqda.
Investorlar uchun asosiy xavf shundaki, sun’iy intellekt infratuzilmasiga sarflar tez sur’atlarda o‘smoqda, yangi biznes yo‘nalishlaridan olinadigan daromad esa hali kompaniya moliyaviy natijalarida sezilarli aks etgani yo‘q.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Meta kompaniyasi Anthropic bilan 10 mlrd dollarlik bitim imzolashi haqida yozgan edi.