
Oppo kompaniyasi yangi Oppo A7 Pro Max smartfonini 4-avgust kuni Xitoyda taqdim etishini ma’lum qildi. Bu haqda GSMArena nashri xabar bermoqda.
Qurilmaning asosiy xususiyati 10 000 mA/soat sig‘imli akkumulyator bo‘ladi. Model uchun oldindan buyurtmalar kompaniyaning rasmiy internet-do‘konida boshlangan.
Oppo A7 Pro Max orqa panelida ikkita kameradan iborat modul joylashtiriladi. Asosiy kamera 50 MP aniqlikka ega bo‘ladi. Smartfonning old kamerasi ham 50 MP sensor bilan jihozlanib, yuqori aniqlikdagi selfi suratlari va videomuloqot uchun mo‘ljallangan.
Yangi qurilma qora, och ko‘k va to‘q sariq ranglarda ishlab chiqariladi. Ko‘k va to‘q sariq versiyalar orqa paneldagi o‘ziga xos naqshli qoplamasi bilan ajralib turadi.

Texnik imkoniyatlar
Smartfon 8 GB tezkor va 128 GB ichki xotira, 12/256 GB hamda 12/512 GB xotirali konfiguratsiyalarda sotuvga chiqariladi. Narxlar taqdimot vaqtida e’lon qilinishi kutilmoqda.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Oppo A7 Pro Max 6,78 dyuymli AMOLED displey va Snapdragon 4 Gen 5 protsessori bilan jihozlanishi mumkin. Ushbu xususiyatlar Geekbench sinov bazasida paydo bo‘lgan ma’lumotlar va norasmiy xabarlarga asoslangan bo‘lib, kompaniya hozircha ularni to‘liq tasdiqlamagan.
Qurilmaning boshqa texnik xususiyatlari, jumladan, ekran yangilanish chastotasi, quvvatlash tezligi va sotuv narxi 4-avgustdagi rasmiy taqdimotda oshkor qilinishi kutilmoqda.
Avvalroq «Kursiv» Oppo A7 Pro Max smartfoni qanday imkoniyatlar bilan chiqishi haqida yozgan edi.