Sport

O‘zbekiston 2027-yilgi U-17 Osiyo kubogiga mezbonlik qiladi

O‘zbekiston 2027-yilgi U-17 Osiyo kubogiga mezbonlik qiladi
Foto: AFC

O‘zbekiston 2027-yilgi futbol bo‘yicha U-17 Osiyo kubogiga mezbonlik qiladi. Bu haqda O‘FA Telegram kanalida xabar berdi.

Qaror Osiyo futbol konfederatsiyasi Ijroiya qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishida tasdiqlandi. 2029-yilgi U-17 Osiyo kubogi esa Saudiya Arabistonida o‘tkaziladi.

Boshqa muhim turnirlar kelajagi qanday

Yig‘ilishda 2028-yilgi U-23 Osiyo kubogi mezboni ham aniqlandi. Los-Anjelesda o‘tkaziladigan 2028-yilgi yozgi Olimpiya o‘yinlariga Osiyo saralashi vazifasini bajaradigan musobaqani Yaponiya qabul qiladi.

Mezbonlik uchun Yaponiya bilan birga O‘zbekiston, Iordaniya, Qirg‘iziston va Qatar ariza topshirgan, Birlashgan Arab Amirliklari esa keyinchalik tanlovdan chiqqan.

OFK Ijroiya qo‘mitasi qit’a klublari va yoshlar terma jamoalari o‘rtasidagi musobaqalar reglamentiga doir o‘zgarishlarni ham ma’qulladi. Jumladan, 2026/2027-yilgi mavsumdan AFC Champions League Elite turniridagi jamoalar soni 24 tadan 32 taga oshiriladi. U-20 Osiyo kubogining saralash tizimiga ham yangiliklar kiritilishi ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi U-17 Osiyo kubogida ikki marta g‘olib chiqqan. Jamoa 2012-yildagi birinchi chempionlikdan so‘ng, 2025-yilgi finalda Saudiya Arabistonini 2:0 hisobida mag‘lub etib, ikkinchi bor qit’a chempioniga aylangan edi.

Avvalroq «Kursiv» Infantino FIFA’ning $20 mlrdlik rejasini himoya qilgani haqida yozgan edi.