Qirg‘iziston – O‘zbekiston chegarasida 12 metr chuqurlikdagi tunnel aniqlandi

Qirg‘izistonning Botken viloyatida O‘zbekiston bilan chegaraga yaqin hududda kontrabanda uchun foydalanilgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan yerosti tunneli aniqlandi. Bu haqda 24.kg nashri xabar berdi.
Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, ekstremizm va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish xizmati chegaradosh hududda tovarlarni noqonuniy olib o‘tish uchun tunnel qurilayotgani haqida tezkor ma’lumot olgan.
Tunnel tashlandiq uydan topildi
Tekshiruv davomida Qadamjoy tumanidagi Isxoq-Polotxon qishloq hududining Chechelik qishlog‘ida joylashgan tashlandiq uylardan birida qo‘shni davlat tomonga yo‘nalgan tunnel aniqlangan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, tunnelning chuqurligi 12 metr, eni esa 1,5 metrni tashkil etadi.
Holat yuzasidan tergov boshlandi
Hozirda Botken viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tergov xizmati mazkur holat yuzasidan tekshiruv olib bormoqda. Tunneldan noqonuniy ravishda foydalanilganmi yoki yo‘q, bu tergov davomida aniqlanishi kutilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan chegarada noqonuniy tunnel qurganlar jinoiy javobgarlikka tortilishi haqida yozgandi.