Sanitariya xulosasi uchun 9 mln so‘m: mansabdor ushlandi

Samarqand viloyatining Toyloq tumanida sanitariya xulosasi uchun 9 mln so‘m talab qilgan mansabdor shaxs ushlandi. Bu haqda DXX xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, tuman Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limining bo‘linma boshlig‘i mansabdor tanishlari orqali yakka tartibdagi tadbirkorga tegishli non va non mahsulotlari ishlab chiqarish sexi uchun sanitariya-epidemiologik xulosa olib berishni va’da qilgan.
U qanday fosh etildi
U buning evaziga tadbirkordan 9 mln so‘m talab qilgani aytilmoqda. Gumonlanuvchi avval $100 va 500 ming so‘m olgan. Keyinchalik so‘ralgan mablag‘ning yana $400 ni olayotgan vaqtida DXX, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan mansabdor shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri $3,5 mln kredit uchun $420 ming talab qilganlar ushlangani haqida yozgan edi.
Xususiy aksiyadorlik tijorat banklaridan birining Olmazor filialidagi bank xizmatlari markazi yuristi hamda Yangiyo‘l tumanida yashovchi, 1979-yilda tug‘ilgan va muqaddam sudlangan shaxs o‘zaro til biriktirgan.