Suv, gaz va elektr «gapiradi»: soliq SI orqali yashirin iqtisodiyotni qanday aniqlaydi

eʼlon qilindi
Bu haqda Soliq qo‘mitasi raisining sun’iy intellekt va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari masalalari bo‘yicha maslahatchisi Alisher Elmuradov ma’lum qildi
Suv, gaz va elektr «gapiradi»: soliq SI orqali yashirin iqtisodiyotni qanday aniqlaydi
Rasm: SI / Kursiv Uzbekistan

Soliq organlari sun’iy intellektdan yashirin iqtisodiyot va soliqdan bo‘yin tovlash holatlarini aniqlashda foydalanishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 30-iyul kuni Soliq qo‘mitasida o‘tkazilgan matbuot anjumanida qo‘mita raisining sun’iy intellekt va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari masalalari bo‘yicha maslahatchisi Alisher Elmuradov ma’lum qildi, deya xabar berdi Kursiv Uzbekistan muxbiri.

Yashirin xodimlar ma’lumotlar orqali aniqlanishi mumkin

Elmuradovga ko‘ra, sun’iy intellekt soliqdan bo‘yin tovlash holatlarini aniqlashda foydali instrument bo‘la oladi. Masalan, oshxona yoki boshqa xizmat ko‘rsatish obyektida yashirin ishlayotgan xodimlarni aniqlash uchun turli ma’lumotlar birgalikda tahlil qilinadi.

Bunda korxonaning qancha suv, gaz va elektr energiyasi iste’mol qilayotgani, faoliyat hajmi, mijozlarga xizmat ko‘rsatish ko‘lami va boshqa omillar hisobga olinadi. Shundan so‘ng tizim mavjud xodimlar soni bunday faoliyat hajmiga mos keladimi yoki yo‘qmi, degan xavf signalini chiqarishi mumkin.

Ro‘yxatdan o‘tmagan faoliyat ham ko‘rinadi

Foto: Kursiv Uzbekistan / o‘ngdan birinchi Alisher Elmuradov

Sun’iy intellekt elektr energiyasi iste’moli orqali ro‘yxatdan o‘tmagan ishlab chiqarish yoki xizmat ko‘rsatish faoliyatini ham aniqlashga yordam berishi mumkin. Masalan, bir ko‘chadagi 10 ta uy tahlil qilinganda, ulardan birida elektr iste’moli boshqalariga nisbatan juda yuqori bo‘lsa, biroq u manzilda hech qanday ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish yoki dam olish maskani ro‘yxatdan o‘tmagan bo‘lsa, tizim bu holatni shubhali deb belgilashi mumkin.

Soliq qo‘mitasi vakilining tushuntirishicha, bunday natija yakuniy xulosa emas, balki qo‘shimcha tekshiruv uchun signal bo‘ladi. Tizim boshqa mavjud ma’lumotlar bilan solishtirib, yashirin faoliyat ehtimolini ko‘rsatadi.

Ma’lumotlar xavfsizligi qanday ta’minlanadi

Soliq qo‘mitasi vakiliga ko‘ra, AI platformasida shaxsga doir ko‘plab ma’lumotlar ishlatilgani sabab kiberxavfsizlik masalasiga alohida e’tibor qaratiladi.

Uning aytishicha, ma’lumotlar xavfsizligi faqat bitta bo‘lim tomonidan emas, bir nechta tuzilma tomonidan nazorat qilinadi. Xususan, Soliq qo‘mitasida kiberxavfsizlik bo‘limi mavjud. Bundan tashqari, «Yangi texnologiyalar» ilmiy-axborot markazida ham kiberxavfsizlik bo‘yicha yirik bo‘lim tashkil etilmoqda. Dasturiy mahsulotlar saqlanadigan joyda ham alohida kiberxavfsizlik bo‘limi bor.

Shu tariqa, AI tizimlari va ulardagi ma’lumotlar xavfsizligi bir nechta idora va bo‘limlar tomonidan nazorat qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq qo‘mita keshbek tizimidagi firibgarlik holatlarini aniqlashda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi. Soliq qo‘mitasining Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari departamenti direktori Farrux Axmedjanovning aytishicha, keshbek tizimi bo‘yicha firibgarlik holatlari haqiqatan ham qayd etilgan. U ayrim fuqarolar xarid qilmasdan turib cheklar qo‘lga kiritilgani yoki cheklar bilan bog‘liq turli sxemalar ishlatilganini ta’kidladi.

Shuningdek