Toshkentda 79,6 ming chiptasiz yo‘lovchi jarimaga tortildi

Toshkent shahrida 2026-yil boshidan buyon avtobuslarda yo‘l haqini to‘lamagan 79,6 ming nafar yo‘lovchiga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Shundan 10,5 mingta holat iyul oyida aniqlangan, deya xabar berdi Transport vazirligi.
Chiptasiz harakatlangan yo‘lovchilarga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 144-moddasi beshinchi qismi asosida chora ko‘rilgan. Mazkur qoidabuzarlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining o‘ndan bir qismi, ya’ni 41,2 ming so‘m jarima belgilangan.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, yil boshidan buyon chiptasiz yo‘lovchilardan 1 mlrd 988 mln so‘m jarima undirilgan. Iyul oyining o‘zida tushgan jarimalar miqdori 234,6 mln so‘mni tashkil etgan.
Huquqbuzarlik qanday aniqlanadi
Jamoat transportida to‘lov intizomini oshirish maqsadida muntazam nazorat tadbirlari o‘tkazilmoqda. Ayniqsa, yo‘l haqi tushumi pasaygan avtobus yo‘nalishlarida maqsadli tekshiruvlar kuchaytirilgan. Iyulda 17 ta, yil boshidan buyon esa jami 82 ta avtobus yo‘nalishi nazoratdan o‘tkazilgan.
Transport vazirligi avtobuslar harakatining barqarorligi va xizmatlar sifatini oshirish yo‘l haqi tushumlariga bevosita bog‘liqligini qayd etdi. Shu sababli yo‘lovchilardan yo‘l haqini o‘z vaqtida va belgilangan tartibda to‘lash so‘raldi.
Taqqoslash uchun, 2026-yilning yanvar–mart oylarida Toshkent avtobuslarida yo‘l haqini to‘lamagan 32 mingdan ortiq yo‘lovchiga bayonnoma tuzilgan edi. Chiptasiz yo‘lovchilarni jarimaga tortish amaliyoti 2025-yil 14-martdan boshlangan bo‘lib, o‘tgan yil oxirigacha 22,5 mingta shunday holat aniqlangan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentda ilk «Yashil to‘lqin» tizimi ishga tushgani haqida yozgan edi.