Yana Belarus: o‘zbekistonliklar avtomobil zavodiga ishga taklif qilinmoqda

Belarus yuk avtomobillari va avtobuslar ishlab chiqaruvchi «Minsk avtomobil zavodi» o‘zbekistonlik fuqarolar uchun 300 ta bo‘sh ish o‘rni taklif qilmoqda. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar bermoqda.
Xodimlarga soliqlar ushlab qolingandan keyin oyiga 2 060 Belarus rubli yoki qariyb $720 miqdorida ish haqi to‘lanadi.
Korxonaga mexanik yig‘uv ishlari slesarlari, shtampovchilar, tokarlar, parmalovchilar, frezerchilar, bo‘yoqchilar, avtomatik va yarim avtomatik uskunalarda ishlaydigan elektr-gaz payvandchilari hamda quyish ishlab chiqarishi ishchilari jalb etiladi. Yakuniy ish haqi bajarilgan ish hajmi va ishlangan vaqtga qarab oshishi mumkin.
Vakansiyalarga 45 yoshgacha bo‘lgan, rus tilini biladigan, jismonan sog‘lom va mehnatga layoqatli fuqarolar ariza topshirishi mumkin. Nomzodlardan mas’uliyatli, intizomli va e’tiborli bo‘lish talab etiladi.
Nimalar kafolatlangan
Ish beruvchi O‘zbekistondan Belarusga aviachipta, aeroportdan yashash joyigacha transfer, turar joy, migratsiya ro‘yxatidan o‘tkazish va maxsus mehnat ruxsatnomasini rasmiylashtirish xarajatlarini qoplaydi. Zarur hollarda xodimlarning o‘quv va kasbiy tayyorgarligi ham korxona hisobidan tashkil etiladi.
Xodimlar Belarusga yetib borgan kunning o‘zida turar joy bilan ta’minlanadi. Minsk shahridan tashqarida yashaydigan ishchilarni korxona transport bilan ta’minlaydi. Minskda istiqomat qiladigan xodimlar esa ish joyiga jamoat transportida o‘z hisobidan qatnaydi. Ovqatlanish xarajatlari xodimlarning o‘z mablag‘i hisobidan qoplanadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Lukashenko yana o‘zbekistonlik migrantlar haqida gapirgani haqida yozgan edi.