YaTT va o‘zini-o‘zi band qilganlarga yagona to‘lov taklif qilindi

O‘zbekistonda yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni soliqqa tortishning yagona tartibini joriy etish taklif qilindi. Har ikki toifa uchun eng kam ish haqiga bog‘langan yagona to‘lovni oyiga 163,2 ming so‘m miqdorida belgilash, o‘zini o‘zi band qilganlarni esa yangi tizimga bosqichma-bosqich o‘tkazish tavsiya etilmoqda.
Mazkur tashabbus Fiskal tahlillar instituti ekspertlari tomonidan 30-iyul kuni Toshkentda o‘tkazilgan «Fiskal muloqot» tadbirida ilgari surildi.
Hisoblash bazasi har ikki toifa uchun bir xil — bir BHM. Ammo to‘lov davriyligi turlicha: yakka tartibdagi tadbirkorlar uni har oy, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar esa yiliga bir marta to‘laydi.
Yakka tartibdagi tadbirkorlar Soliq kodeksining 408-moddasi birinchi qismi birinchi bandiga muvofiq har oy bir BHM, ya’ni 440 ming so‘m to‘lashi shart. Shu tariqa ularning yillik to‘lovi 5,28 mln so‘mni tashkil etadi.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar esa ish stajiga ega bo‘lish uchun yiliga bir marta ixtiyoriy ravishda bir BHM yoki 440 ming so‘m to‘lashi mumkin. Oy hisobida bu qariyb 36,7 ming so‘mga teng.

Taqdimotda qayd etilishicha, to‘lovlarni hisoblash bazasi bir xil bo‘lishiga qaramay, ularning davriyligi sabab ikki toifa o‘rtasida yuklama bo‘yicha 12 baravar farq yuzaga kelgan.
Ekspertlarning ta’kidlashicha, xalqaro amaliyotda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun, odatda, yagona toifa qo‘llanadi. To‘lovlar esa deklaratsiya qilingan daromadga yoki eng kam ish haqiga bog‘lanadi.
Institut har ikki toifa uchun to‘lovni eng kam ish haqiga bog‘lashni taklif qilmoqda. Hisob-kitobda 1,36 mln so‘mlik eng kam ish haqi va Soliq kodeksining 405-moddasida belgilangan 12 foizlik stavka asos qilib olingan. Natijada oylik to‘lov 163,2 ming so‘mni tashkil etadi.
O‘tish jarayonini bosqichma-bosqich amalga oshirish taklif etilmoqda. Dastlab o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun to‘lov oyiga qariyb 50 ming so‘m miqdorida belgilanishi, keyinchalik esa alohida jadval asosida 163,2 ming so‘mgacha yetkazilishi mumkin.
Shu bilan birga, taqdimotda yangi tartib joriy etilganidan keyin o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun mazkur to‘lov majburiy yoki ixtiyoriy bo‘lishi alohida ko‘rsatilmagan.
Yana qanday soliq tashabbuslari muhokama qilindi
«Fiskal muloqot» davomida ekspertlar bank depozitlari bo‘yicha foizlarni soliqqa tortishni ham taklif qildi. Tashabbusga ko‘ra, omonatlardan olinadigan foiz daromadlariga dividendlardagi kabi 5 foizlik soliq qo‘llanishi mumkin. Jismoniy shaxslar depozitlari hajmi 170,2 trln so‘m va omonatlarning o‘rtacha daromadliligi 16 foiz bo‘lgan sharoitda ushbu chora budjetga yiliga qariyb 1,4 trln so‘m qo‘shimcha tushum keltirishi mumkin.
Yana bir tashabbus alkogol mahsulotlari uchun aksiz solig‘ini oshirish bilan bog‘liq. 2027-yildan aroq va konyak uchun stavkani bir litriga 63 ming so‘mdan 70 ming so‘mgacha, etil spirti uchun esa 15 ming so‘mdan 25 ming so‘mgacha oshirish taklif qilindi. Institut hisob-kitobiga ko‘ra, o‘zgarishlar Davlat budjetiga qo‘shimcha 62,1 mlrd so‘m tushum keltirishi mumkin.