Belarusdan O‘zbekistonga ilk «Slavyan karvoni» blok-poyezdi yo‘lga qo‘yildi

Belarus va O‘zbekiston o‘rtasida «Slavyan karvoni» nomli ilk to‘g‘ridan to‘g‘ri blok-poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda «O‘ztemiryo‘lkonteyner» xabar berdi.
Yangi logistika yo‘nalishi ikki davlat o‘rtasida yuklarni yetkazib berish muddatini 5–7 kungacha qisqartirishi kutilmoqda.
Qatnov prezident topshirig‘i asosida tashkil etildi
Unga ko‘ra, mazkur blok-poyezdni yo‘lga qo‘yish vazifasi Shavkat Mirziyoyevning Belarusga davlat tashrifi chog‘ida belgilangan edi.
30-iyul kuni poyezd Belarusdagi Orsha-Vostochnaya stansiyasidan yo‘lga chiqib, Toshkent viloyatidagi Chuqursoy stansiyasiga yo‘l oldi.
71 vagonda turli mahsulotlar tashilmoqda
Blok-poyezd tarkibi 71 shartli vagondan iborat bo‘lib, unda yog‘ochni qayta ishlash sanoati mahsulotlari, shakar, oziq-ovqat mahsulotlari, omixta yem va boshqa turdagi yuklar tashilmoqda.
Qatnov oyiga ikki marta amalga oshiriladi
Dastlabki bosqichda «Slavyan karvoni» blok-poyezdini oyiga ikki marta qatnatish rejalashtirilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 3-avgust kuni qator poyezdlar qatnovi bekor qilinishi haqida yozgandi.