Mayk Taysonning Ferrari avtomobili qanchaga baholandi

31-iyul 2026 11:17 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Mayk Taysonning Ferrari avtomobili qanchaga baholandi
Foto: rmsothebys.com

Og‘ir vazn toifasida sobiq jahon chempioni Mayk Taysonga tegishli bo‘lgan Ferrari F50 superkari RM Sotheby’s auksioniga qo‘yildi. Tashkilotchilar avtomobilning yakuniy narxi $7 – 9 mln oralig‘ida bo‘lishini kutmoqda. Lot zaxira narxisiz sotuvga chiqariladi.

1995-yilgi Ferrari F50 AQSh bozori uchun ishlab chiqarilgan 55 ta nusxadan biri hisoblanadi. Chassis raqami 104220 bo‘lgan avtomobil Ferrari’ning an’anaviy Rosso Corsa qizil rangiga bo‘yalgan, saloni esa qizil elementlarga ega qora Nero rangida ishlangan.

Superkar AQShga Ferrari North America orqali yetkazilib, Beverli-Hillsdagi dilerga topshirilgan. Uning birinchi xususiy egasi Mayk Tayson bo‘lgan. Bokschi avtomobilni o‘sha yilning o‘zida sotgan, shundan keyin F50 bir nechta kolleksionerlar qo‘liga o‘tgan.

Foto: rmsothebys.com

Avtomobil qariyb 10 ming km yurgan

Ferrari F50’ning odometrida 6 196 mil, ya’ni qariyb 10 ming km masofa qayd etilgan. Avtomobil 2008-yilda Ferrari Classiche sertifikatini olgan. Tekshiruv superkarda zavodda o‘rnatilgan original dvigatel, transmissiya, shassi va kuzov saqlanib qolganini tasdiqlagan.

2022-yilda avtomobil Ferrari of Fort Lauderdale markazida katta texnik xizmatdan o‘tkazilgan. Hozirgi auksion oldidan esa Ferrari of Newport Beach mutaxassislari uning texnik holatini qayta tekshirib, zarur xizmatlarni bajargan.

Yangi egaga avtomobil bilan birga zavod tomi, foydalanish qo‘llanmalari, asboblar to‘plami, maxsus chamadonlar va Ferrari F50’ga bag‘ishlangan kitob beriladi. Lot tarkibiga Mayk Tayson imzo chekkan Everlast boks qo‘lqoplari ham kiritilgan.

Foto: rmsothebys.com

Formula-1 texnologiyalari asosida yaratilgan

Ferrari F50 kompaniyaning 50 yilligi munosabati bilan ishlab chiqilgan va F40 modelining davomchisi bo‘lgan. Avtomobil uglerod tolali monokok shassi hamda Formula-1 texnologiyalariga asoslangan 4,7 litrli atmosferali V12 dvigatel bilan jihozlangan.

Dvigatel 520 ot kuchigacha quvvat ishlab chiqaradi. Superkar 100 km/soat tezlikka taxminan 3,8 soniyada chiqadi, maksimal tezligi esa 325 km/soatni tashkil etadi. Ferrari 1995 – 1997-yillarda F50 modelining atigi 349 nusxasini ishlab chiqargan.

Mayk Taysonga tegishli bo‘lgan ushbu F50 avval ham RM Sotheby’s savdosida qatnashgan. 2017-yilda avtomobil $2,64 mlnga sotilgan edi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Kilian Mbappening «garaji»da qanday avtomobillar borligi haqida yozgan edi.

Shuningdek