Samsung Galaxy S27 Ultra kutilganidek chiqmasligi mumkin

31-iyul 2026 08:40 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Samsung Galaxy S27 Ultra kutilganidek chiqmasligi mumkin
Foto: Sammobile

Samsung kompaniyasining kelajakdagi Samsung Galaxy S27 Ultra flagmani LPDDR6 tezkor xotirasi va UFS 5.0 ichki xotira standartiga ega bo‘lmasligi mumkin. Bu haqda Sammobile nashri xabar bermoqda.

LPDDR6 va UFS 5.0 chiplarini yetkazib berish bilan bog‘liq hozirgi vaziyat Samsung uchun qulay emas. Kelgusi yilda bu texnologiyalardan faqat ayrim yirik ishlab chiqaruvchilar cheklangan miqdorda chiqariladigan flagman qurilmalarida foydalanishi kutilmoqda.

Samsung‘ning Galaxy S turkumidagi flagmanlari ko‘plab raqobatchilarning yuqori toifadagi smartfonlariga qaraganda katta hajmda ishlab chiqariladi. Shu sababli kompaniya Galaxy S27 Ultra’ning ommaviy ishlab chiqarilishi uchun yetarli miqdorda yangi xotira chiplarini xarid qilishda qiyinchilikka duch kelishi mumkin.

Yangi xotira standartlari nimani o‘zgartiradi

Avvalroq Galaxy S27 Ultra LPDDR6 operativ xotirasi va UFS 5.0 saqlash chipi bilan jihozlanishi mumkinligi haqida ma’lumotlar tarqalgan edi. Bu Galaxy S26 Ultra’dagi LPDDR5X va UFS 4.1 standartlariga nisbatan sezilarli yangilanish bo‘lardi.

Samsung ma’lumotlariga ko‘ra, LPDDR6 xotirasi ma’lumotlarni soniyasiga 10,7 gigabitgacha tezlikda uzatishi va oldingi avlodga nisbatan energiya samaradorligini taxminan 21 foizga oshirishi mumkin. Mazkur chip smartfonning sun’iy intellekt funksiyalari va katta hajmdagi ma’lumotlarni qayta ishlashini tezlashtirish uchun mo‘ljallangan.

UFS 5.0 ichki xotirasining ketma-ket o‘qish tezligi esa soniyasiga 10,8 GB, yozish tezligi 9,5 GBgacha yetadi. Bu UFS 4.1 ko‘rsatkichidan ikki baravardan ko‘proq yuqori. Samsung ushbu chiplarni 2026-yilning to‘rtinchi choragida ommaviy ishlab chiqarishni boshlashni rejalashtirgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Samsung mobil bo‘linmasi tarixda ilk bor zarar ko‘rgani haqida yozgan edi.

Shuningdek