Shavkat Mirziyoyev temir yo‘l transporti xodimlarini kasb bayrami bilan tabrikladi

Shavkat Mirziyoyev Temir yo‘l transporti xodimlari kuni munosabati bilan soha vakillariga bayram tabrigini yo‘lladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari ishchi va xizmatchilar, quruvchilar, muhandislar, mashinistlar, vagon kuzatuvchilari hamda soha faxriylarining mamlakat transport-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish va iqtisodiy taraqqiyotga qo‘shayotgan hissasini yuksak baholadi.
2,4 ming kilometrdan ortiq yangi temir yo‘l qurildi
Prezident so‘nggi yillarda temir yo‘l sohasida amalga oshirilgan islohotlar natijasida 2,4 ming kilometrdan ortiq yangi temir yo‘l tarmoqlari qurilib foydalanishga topshirilganini qayd etdi.
Shuningdek, 3 ming kilometrdan ortiq temir yo‘l elektrlashtirilgani, 1,1 ming kilometrdan ziyod yo‘l reabilitatsiya qilingani ta’kidlandi.
Yangi temir yo‘l loyihalari amalga oshirilmoqda
Tabrikda Samarqand – Urgut, Baytqo‘rg‘on – Parkent hamda Urganch xalqaro aeroporti – Xiva temir yo‘l tarmoqlari barpo etilgani, Navoiy – Buxoro uchastkasining ikkinchi elektrlashtirilgan liniyasi ishga tushirilgani qayd etildi.
Shuningdek, Maroqand – Navoiy, Buxoro – Urganch – Xiva, Miskin – Nukus va Qumqo‘rg‘on – Quduqli yo‘nalishlarini elektrlashtirish ishlari davom etayotgani bildirildi.
«Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston» temir yo‘li alohida ta’kidlandi
Prezident mamlakatni xalqaro transport yo‘laklari bilan bog‘laydigan «Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston» temir yo‘li qurilishi hamda Afg‘oniston bilan temir yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik O‘zbekistonning mintaqaviy tranzit markazi sifatidagi o‘rnini mustahkamlashini ta’kidladi.
«Jaloliddin Manguberdi» elektropoyezdi yo‘lga qo‘yildi
Murojaatda Janubiy Koreyaning Hyundai Rotem kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan «Jaloliddin Manguberdi» nomli yangi yuqori tezlikdagi elektropoyezd Toshkent – Xiva – Toshkent yo‘nalishida qatnovni boshlagani ham qayd etildi.
Bundan tashqari, temir yo‘l vokzallarini modernizatsiya qilish, servis infratuzilmasini rivojlantirish, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni sohaga keng joriy etish ishlari izchil davom ettirilayotgani bildirildi.
Yuzlab yangi vagon va poyezdlar xarid qilinadi
Davlat rahbari yaqin yillarda yuzlab zamonaviy yo‘lovchi vagonlari va yuqori texnologik poyezdlarni xarid qilish, temir yo‘l infratuzilmasini kengaytirish hamda xizmatlar sifatini xalqaro standartlar darajasiga olib chiqish bo‘yicha yangi loyihalar amalga oshirilishini ma’lum qildi.
Prezident tabrik yakunida barcha temir yo‘l transporti xodimlariga sihat-salomatlik, oilaviy baxt va kasbiy faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Jaloliddin Manguberdi» elektropoyezdi endi ikki tarkibda harakatlanishi haqida yozgandi.