Wildberries va Ozon Durovga aloqador mahsulotlarni tekshirmoqda

eʼlon qilindi
Marketpleys bunday mahsulotlarga nisbatan cheklovlar qo‘llash qonuniyligini aniqlash uchun ichki tekshiruv o‘tkazmoqda
Wildberries va Ozon Durovga oid mahsulotlarni tekshirmoqda
Foto: Instagram/ Durov

Wildberries va Ozon marketpleyslari Telegram hammuassisi Pavel Durov bilan bog‘liq mahsulotlarni tekshirishni boshladi. Durov tasviri tushirilgan suvenirlar, kitoblar va boshqa tovarlar savdodan olib tashlanishi mumkin.

Wildberries & Russ birlashgan kompaniyasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, marketpleys bunday mahsulotlarga nisbatan cheklovlar qo‘llash qonuniyligini aniqlash uchun ichki tekshiruv o‘tkazmoqda. Qoidabuzarlik tasdiqlansa, tegishli tovar kartochkalari darhol bloklanadi.

Ozon ham Rossiya qonunchiligi talablariga muvofiq assortimentni tekshirayotganini bildirdi. Kompaniya yaqin vaqt ichida bevosita Pavel Durov bilan bog‘liq kitoblar va uning tasviri tushirilgan mahsulotlarni platforma peshtaxtasidan yashirishini ma’lum qildi.

Durov Rossiyada xalqaro qidiruvga berilgan

Tekshiruvlar Rosfinmonitoring 30-iyul kuni Pavel Durovni terrorchilik va ekstremistik faoliyatga aloqador shaxslar ro‘yxatiga kiritganidan keyin boshlandi. Rossiyada bunday ro‘yxatga kiritish shaxsning moliyaviy operatsiyalariga cheklovlar qo‘llanishiga olib keladi.

Bir kun avval Rossiya Federal xavfsizlik xizmati Durovga terrorchilik faoliyatiga ko‘maklashish ayblovini qo‘ygan va uni xalqaro qidiruvga berish jarayoni boshlanganini ma’lum qilgan edi. FXX talqiniga ko‘ra, Telegram ma’muriyati terrorchilik va boshqa noqonuniy faoliyatni muvofiqlashtirishda foydalanilgan ayrim kanallar, chatlar hamda botlarni o‘chirmagan.

Rossiya rasmiylari avvalroq Telegram jamoasiga taqiqlangan kontentni olib tashlash bo‘yicha 150 mingdan ortiq talab yuborilganini, biroq ular bajarilmaganini bildirgan. Bu da’volar Telegram yoki Durov tomonidan mustaqil ravishda tasdiqlanmagan.

Avvalroq «Kursiv» Pavel Durov terrorizm ishi bo‘yicha qidiruvga berilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek