Prezident stipendiyasi uchun arizalar qabuli boshlandi

1-avgustdan boshlab Respublika nomdor davlat stipendiyalari va Prezident davlat stipendiyasiga arizalar qabuli boshlandi. Hujjatlar 15-avgustga qadar my.edu.uz platformasi orqali elektron shaklda topshiriladi.
Tanlovda oliy ta’lim muassasasining birinchi bosqich saralashidan muvaffaqiyatli o‘tgan iqtidorli bakalavriat talabalari ishtirok etadi.
Prezident stipendiyasi uchun faqat «a’lo» baholar talab etiladi
Prezident davlat stipendiyasiga nomzod bo‘lgan talabaning o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari faqat «a’lo», ya’ni 5 baholardan iborat bo‘lishi kerak.
Respublika nomdor davlat stipendiyalari uchun esa «4» baholar ulushi 25 foizdan oshmasligi lozim. «3» bahosi bor talabalar tanlovda qatnasha olmaydi.
Nomzodlardan bir nechta hujjat so‘raladi
Tanlovda ishtirok etish uchun talabadan akademik ma’lumotnoma, dekanat va kafedra tavsiyanomasi, ilmiy yoki ijodiy ish rahbarining tavsiyanomasi talab etiladi.
Shuningdek, ilmiy ishlar ro‘yxati va ularning nusxalari, tarix hamda chet tillari bo‘yicha suhbat natijalari haqidagi ma’lumotnomalar ham taqdim etilishi kerak.
Ilmiy ishlarga ham talab qo‘yilgan
Prezident davlat stipendiyasiga hujjat topshirayotgan bakalavriat talabalari kamida ikkita e’lon qilingan ilmiy-tadqiqot ishiga ega bo‘lishi kerak.
Bunga ilmiy maqola, tezis yoki boshqa ilmiy ishlar kiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq bugundan talabalar turarjoyi uchun ham arizalar qabuli boshlangani haqida xabar berilgandi. Reglamentga ko‘ra, dastlab imtiyoz va ustuvorlikka ega talabgorlar talabalar turarjoylariga qabul qilinadi. Shundan keyin umumiy ro‘yxatdagi talabalar bo‘sh o‘rinlar soniga qarab navbat asosida joylashtiriladi.