Indoneziyada yo‘lovchi kemasi yonib, besh kishi halok bo‘ldi

Indoneziyada kamida 250 kishini olib ketayotgan yo‘lovchi kemasida yong‘in chiqishi oqibatida besh kishi halok bo‘ldi, yana 41 kishi bedarak yo‘qolgan. Bu haqda BBC xabar bermoqda.
KMP Mutiara Sentosa 2 paromi Sharqiy Yavadagi Surabaya shahridan Janubiy Sulavesidagi Makassar tomon harakatlanayotgan paytda Madura oroli yaqinida yonib ketgan. Kema kapitani yong‘in haqida qutqaruv xizmatlariga xabar bergan.
Aslida nima bo‘lgan
Basarnas ma’lumotiga ko‘ra, hodisa mahalliy vaqt bilan soat 06:00–07:00 oralig‘ida boshlangan. Keyinchalik paromning deyarli butunlay alanga ichida qolgani, yo‘lovchilarning bir qismi qutqaruvchilar yetib kelguniga qadar kema ko‘prigi va tumshuq qismida to‘plangani ma’lum qilingan.
Voqea joyidan tarqalgan tasvirlarda qutqaruv nimchasini kiygan ko‘plab yo‘lovchilar, kemadan dengizga sakrayotgan odamlar hamda boshqa kemalarga olib chiqilayotgan jabrlanuvchilar ko‘rinadi. Ayrim yo‘lovchilarga suvga qutqaruv chambaraklari tashlangan.
Qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda. Yong‘inning kelib chiqish sabablari hozircha ma’lum qilinmagan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Indoneziyada 6,7 magnitudali zilzila sodir bo‘lgani haqida yozgan edi.