Toshkentga ikki yilda 19 mlrd dollar investitsiya jalb qilinadi

eʼlon qilindi
2026-yilda Toshkentning yalpi hududiy mahsuloti hajmini 11,7 foizga, sanoat ishlab chiqarishini 8,5 foizga oshirish ko‘zda tutilgan
Toshkentga ikki yilda 19 mlrd dollar investitsiya jalb qilinadi
Foto: Kontent tayyorlash markazi/ aura.uz

Toshkent shahriga 2026–2027-yillarda jami $19 mlrd miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb qilish rejalashtirilmoqda. Bu Prezidentning poytaxtni ikki yil davomida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga doir qarorida belgilangan.

Qarorga ko‘ra, 2026-yilda Toshkentning yalpi hududiy mahsuloti hajmini 11,7 foizga, sanoat ishlab chiqarishini 8,5 foizga oshirish ko‘zda tutilgan. Bozor xizmatlari hajmini 19 foizga, qurilish ishlari hajmini esa 17,3 foizga ko‘paytirish vazifasi qo‘yilgan.

Sarmoyalar yillar kesimida

Poytaxtga 2026-yilda $9 mlrd, 2027-yil yakuniga qadar esa yana $10 mlrd to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb qilinishi kerak. Shu tariqa ikki yillik investitsiyalar hajmi $19 mlrdga yetkaziladi.

Hujjatda Toshkentdagi tarixiy, madaniy va ko‘ngilochar obyektlarni rivojlantirish orqali shaharga tashrif buyuruvchi sayyohlar sonini oshirish ham nazarda tutilgan.

Poytaxtni rivojlantirish strategiyasi, tegishli dasturlar va ularni amalga oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni tayyorlashga xalqaro konsalting kompaniyalari hamda xorijiy ekspertlar jalb qilinadi. Ularning xizmatlari Toshkent shahrini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan «taklif so‘rovi» asosida moliyalashtiriladi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri har ming aholiga 32 ta tadbirkor to‘g‘ri kelishi haqida yozgan edi.

Shuningdek