
Xiaomi 2026-yil boshidan buyon ikkinchi marta Xitoy bozoridagi Xiaomi smartfonlari narxini oshirdi. Bu haqda Notebookcheck nashri xabar bermoqda.
2-avgustdan Redmi Turbo 5, Redmi K90 va Xiaomi 17 turkumlariga kiruvchi qator qurilmalar qimmatlashdi. Aksariyat modellarning narxi 300 yuan, Xiaomi 17 Pro Max’niki esa 500 yuan yoki qariyb $75 ga ko‘tarildi.
Xiaomi’ning flagman smartfonlari ham qimmatlashdi. Xiaomi 17 narxi $665 dan $710 gacha, Xiaomi 17 Pro‘niki $740 dan $800 gacha oshdi. Eng katta o‘sish Xiaomi 17 Pro Max’da qayd etilib, uning narxi 6 ming yuandan 6,5 ming yuanga – taxminan $885 dan $960 gacha ko‘tarildi.
Narxlar qanchaga oshdi
| Model | Eski narx | Yangi narx | O‘sish |
|---|---|---|---|
| Redmi Turbo 5 | 2 300 yuan ($340) | 2 600 yuan ($385) | 300 yuan ($45) |
| Redmi Turbo 5 Max | 2 500 yuan ($370) | 2 800 yuan ($415) | 300 yuan ($45) |
| Redmi K90 | 2 800 yuan ($415) | 3 100 yuan ($460) | 300 yuan ($45) |
| Redmi K90 Max | 3 200 yuan ($475) | 3 500 yuan ($520) | 300 yuan ($45) |
| Redmi K90 Ultra | 3 000 yuan ($445) | 3 300 yuan ($490) | 300 yuan ($45) |
| Redmi K90 Pro Max | 4 200 yuan ($620) | 4 500 yuan ($665) | 300 yuan ($45) |
| Xiaomi 17 | 4 500 yuan ($665) | 4 800 yuan ($710) | 300 yuan ($45) |
| Xiaomi 17 Pro | 5 000 yuan ($740) | 5 400 yuan ($800) | 400 yuan ($60) |
| Xiaomi 17 Pro Max | 6 000 yuan ($885) | 6 500 yuan ($960) | 500 yuan ($75) |
Nimalar ma’lum
Narxlar Qualcomm va MediaTek protsessorlari asosida ishlaydigan qurilmalarda birdek oshirilgani qimmatlashuv muayyan chip platformasi bilan bog‘liq emasligini ko‘rsatmoqda. Asosiy sabab sifatida smartfon komponentlari, xususan, xotira mikrosxemalari tannarxining keskin oshgani ko‘rsatilmoqda.
Redmi prezidenti Lu Veybin aprel oyida birinchi narx oshirilishini izohlar ekan, bir xil sig‘imdagi xotira modullarining qiymati bir yil ichida qariyb to‘rt baravar ko‘tarilganini bildirgan edi. Uning ta’kidlashicha, bu holat, ayniqsa, o‘rta va budjet segmentidagi smartfonlar ishlab chiqaruvchilariga bosimni kuchaytirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Redmi K100 smartfonlarining taqdimoti qachon bo‘lishi haqida yozgan edi.