Yevropa Ittifoqi marokashlik migrantlar yuzasidan favqulodda yig‘ilish chaqirdi

eʼlon qilindi
Marokashdan Ispaniya anklaviga qariyb 60 ming migrant kirib kelgan
Yevropa Ittifoqi marokashlik migrantlar yuzasidan favqulodda yig‘ilish chaqirdi
Foto: Radio Moldova

Yevropa Ittifoqi 4-avgust kuni Ispaniyaning Seuta hududida yuzaga kelgan migratsiya inqirozini muhokama qilish uchun favqulodda yig‘ilish o‘tkazadi. BBC xabariga ko‘ra, Marokashdan Ispaniya anklaviga qariyb 60 ming migrant kirib kelganidan so‘ng YI davlatlari o‘rtasida keskin munozaralar yuzaga kelgan.

Yevropa Ittifoqining 22 davlati tashkilot rahbariyatiga qo‘shma maktub yo‘llab, tashqi chegaralarni mustahkamlash va vaziyatga muvofiqlashtirilgan tarzda javob qaytarishga chaqirdi. Maktubda noqonuniy ravishda YI hududiga kirish mumkin degan tasavvurning paydo bo‘lishi yangi urinishlarni rag‘batlantirishi, umumiy migratsiya siyosatiga ishonchni susaytirishi va barcha a’zo davlatlarga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi ta’kidlangan.

Ittifoq qanday chora ko‘rmoqchi

Inqiroz fonida Italiya Ispaniya bilan amalda bo‘lgan Shengen tartibini vaqtincha to‘xtatdi. Ushbu qarorni Finlandiya va Daniya ham qo‘llab-quvvatladi. Ispaniya hukumati esa bunday munosabatni «xudbin, jamiyatni qutblashtiruvchi va qonunga zid» deb baholadi. Madrid Seuta Shengen hududiga kirmasligini ham eslatdi.

Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayenga yo‘llagan maktubida ayrim Yevropa hukumatlarining pozitsiyasidan jiddiy xavotirda ekanini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ispaniya 48 soatdan kam vaqt ichida chegarada nazoratni to‘liq tiklagan hamda migrantlarning mamlakatning Yevropadagi asosiy hududiga ruxsatsiz o‘tishiga yo‘l qo‘ymagan.

Rasmiylar ma’lumotiga ko‘ra, 30-iyul kuni Seutaga kirgan migrantlarning deyarli barchasi Marokashga qaytgan. Ommaviy o‘tishlar oqibatida halok bo‘lganlar soni kamida 67 nafarga yetgan. Seutadagi korxonalar qayta ishlay boshlagan, Ispaniya hukumati esa dengiz orqali noqonuniy o‘tishlarning oldini olish uchun suvda o‘rnatiladigan maxsus to‘siqlar ustida ishlamoqda.

Avvalroq «Kursiv» Ispaniya hududiga bir kunda minglab migrantlar kirgani haqida yozgan edi.

Shuningdek