Qo‘pol qoidabuzarliklar uchun avtomobilni bir yilgacha olib qo‘yish taklif qilindi

O‘zbekistonda yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzgan haydovchilarga nisbatan javobgarlikni keskin kuchaytirish rejalashtirilmoqda. Qonun loyihasiga ko‘ra, ayrim qoidabuzarliklar uchun transport vositasini 6 oydan 1 yilgacha vaqtincha olib qo‘yish, tezlikni me’yordan 80 km/soatdan ortiq oshirganlik uchun esa 26,8 mln so‘mgacha jarima qo‘llash taklif etilgan.
Avtomobilni vaqtincha olib qo‘yish taklif etilmoqda
O‘zLiDeP fraksiyasi yig‘ilishida muhokama qilingan qonun loyihasiga ko‘ra, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga «avtomototransport vositasini vaqtincha olib qo‘yish» nomli yangi jazo chorasini kiritish taklif etilmoqda.
Unga muvofiq, ayrim qo‘pol yo‘l harakati qoidabuzarliklarini sodir etgan shaxslarning transport vositalari sud qarori bilan 6 oydan 1 yilgacha muddatga jarima maydonchasiga joylashtirilishi mumkin.
Qaysi qoidabuzarliklar uchun jazo kuchaytiriladi
Qonun loyihasida quyidagi holatlar bo‘yicha javobgarlikni kuchaytirish nazarda tutilgan:
- voyaga yetmagan shaxsga transport boshqarishni topshirish;
- noqonuniy poygalarda ishtirok etish;
- mast holda transport vositasini boshqarish;
- tezlikni belgilangan me’yordan 80 km/soatdan ortiq oshirish.
Xususan, tezlikni me’yordan 80 km/soatdan ortiq oshirgan haydovchilarni transport boshqarish huquqidan mahrum qilish va 26,8 mln so‘mgacha jarimaga tortish taklif etilmoqda.
Voyaga yetmaganlarga rul berish uchun jinoiy javobgarlik
Loyihaga ko‘ra, voyaga yetmagan shaxsga transport boshqarishni topshirish oqibatida og‘ir oqibatlar yuzaga kelsa, buning uchun jinoiy javobgarlik belgilanishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, yo‘l bezoriligi, mast holda avtomobil boshqarish hamda noqonuniy poygalarni tashkil etganlik uchun ham javobgarlikni kuchaytirish rejalashtirilmoqda.
Poygalar faqat maxsus maydonlarda
Qonun loyihasida avtomobil poygalarini faqat maxsus ajratilgan hududlarda, xavfsizlik talablari to‘liq ta’minlangan holda sport tadbiri sifatida o‘tkazishga ruxsat berish taklif etilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan jarima ballarini o‘chirib berishni va’da qilgan firibgarlar aniqlangani haqida yozgandi.