
Samsung kompaniyasi o‘rta narx segmentiga mansub Samsung Galaxy F70 Pro 5G smartfonini rasman taqdim etdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qurilma 120 Hz chastotali AMOLED ekran, 6000 mA/soat sig‘imli batareya, Snapdragon 6 Gen 3 protsessori va olti yilgacha dasturiy qo‘llab-quvvatlash bilan ajralib turadi.
Texnik imkoniyatlar
Galaxy F70 Pro 5G smartfoni 6,7 dyuymli Full HD+ aniqlikdagi Super AMOLED displey bilan jihozlangan. Ekran Corning Gorilla Glass Victus+ himoya oynasi bilan qoplangan. Qurilma qutidan Android 16 operatsion tizimi asosidagi One UI 8.5 interfeysi bilan chiqadi.

Samsung yangi smartfon uchun oltita yirik Android yangilanishi va olti yil davomida xavfsizlik yangilanishlarini taqdim etishni va’da qilmoqda. Model Galaxy AI funksiyalarini ham qo‘llab-quvvatlaydi. Ular orasida ekrandagi obyektni aylana bilan belgilab qidirish imkonini beruvchi Circle to Search hamda ovozli yozuvlarni sun’iy intellekt yordamida matnga aylantirish funksiyasi mavjud.

Qo‘shimcha imkoniyatlar va narx
Smartfonning asosiy kamerasi optik tasvir barqarorlashtirish tizimiga ega 50 MP sensor va 5 MP ultra keng burchakli moduldan iborat. Old qismiga HDR texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydigan 12 MP selfi kamerasi o‘rnatilgan.
Galaxy F70 Pro 5G ikki dona SIM-karta va 5G tarmoqlarida ishlaydi. Qurilma Wi-Fi ac, Bluetooth, NFC, USB Type-C va OTG texnologiyalarini qo‘llab-quvvatlaydi. Uning 6000 mA·soat sig‘imli batareyasi uzoq vaqt avtonom ishlashga mo‘ljallangan, biroq quvvatlash tezligi hozircha ma’lum qilinmagan.

Jadval:
| Xotira konfiguratsiyasi | Narxi |
|---|---|
| 6/128 GB | $250 |
| 8/128 GB | $295 |
| 8/256 GB | $345 |
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Samsung Galaxy S27 Pro smartfoni qanday kamerani olishi haqida yozgan edi.