Samsung Galaxy S27 Pro smartfoni qanday kamerani oladi

3-avgust 2026 10:56 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Samsung Galaxy S27 Pro smartfoni qanday kamerani oladi
Foto: Samsung

Samsung kompaniyasining kelajakdagi Samsung Galaxy S27 Pro smartfoni Ultra modeliga xos kuchli optik yaqinlashtirish kamerasini olmasligi mumkin. Bu haqda Sammobile nashri xabar berdi.

Galaxy S27 Pro Samsung kompaniyasining flagman smartfonlari qatorida Plus va Ultra modellari o‘rtasidagi yangi qurilma sifatida taqdim etilishi kutilmoqda. Avvalgi ma’lumotlarda uning kamerasi Ultra talqiniga yaqin bo‘lishi aytilgan edi. Xususan, smartfon 200 MP asosiy va 50 MP ultra keng burchakli kamera olishi mumkin.

Kutilganidek emas

Biroq yangi sizdirilgan ma’lumotlar Galaxy S27 Pro modelining zum imkoniyatlari Galaxy S27 Ultra’dan ancha past bo‘lishini ko‘rsatmoqda. Ultra modeliga 50 MP telefoto kamera va besh karra optik yaqinlashtirish funksiyasi berilishi kutilayotgan bo‘lsa, Pro talqinida 12 MP kamera hamda uch karra optik zum bilan cheklanishi mumkin.

Nimalarni kutish kerak

Avvalgi mish-mishlarda Galaxy S27 Pro 50 MP telefoto kamera hamda uch yoki 3,5 karra optik zum olishi mumkinligi aytilgan edi. Eng so‘nggi ma’lumotlar esa ushbu prognozlarni rad etmoqda. Bu holat ixchamroq korpusda Ultra darajasidagi kamera kutayotgan foydalanuvchilarni ranjitishi mumkin.

Kompaniyaning bunday qarori xotira chiplari narxining keskin oshishi va Galaxy S27 seriyasining chakana narxlarini barqaror ushlab turish istagi bilan bog‘lanmoqda. Kompaniya ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish uchun ayrim kamera qismlarini avvalgi avloddan saqlab qolishi mumkin.

Galaxy S27 va Galaxy S27+ modellarida ham katta kamera yangilanishi kutilmayapti. Manbaga ko‘ra, ular 50 MP asosiy, 12 MP ultra keng burchakli hamda uch karra optik zumli 10 MP telefoto kameraga ega bo‘lishi mumkin. Ma’lumot tasdiqlansa, Samsung bazaviy va Plus modellarda deyarli bir xil kamera tizimidan ketma-ket oltinchi yil foydalanadi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Samsung Galaxy A56 va Honor 500 Pro modellarini taqqoslagan edi.

Shuningdek