AQSh ayrim davlat fuqarolaridan viza uchun 20 ming dollar garov talab qiladi

eʼlon qilindi
O‘zbekiston ushbu ro‘yxatga kiritilmagan
Foto: Curly Tales

AQSh Davlat departamenti B-1 va B-2 turidagi biznes hamda turistik vizalar bo‘yicha garov dasturini doimiy qilishni rejalashtirmoqda. Reuters yozishicha, 50 ta davlat fuqarolaridan AQSh vizasini olish uchun $20 minggacha garov qo‘yish talab qilinishi mumkin. O‘zbekiston ushbu ro‘yxatga kiritilmagan.

Avvalgi tajriba dasturi kengaytirilmoqda

Avval sinov tariqasida joriy qilingan dasturda garov miqdori $5 ming, $10 ming yoki $15 ming bo‘lishi mumkin edi.

Yangi yakuniy qoidada $5 minglik variant chiqarib tashlanmoqda, eng yuqori miqdor esa $20 minggacha oshirilmoqda.

O‘zbekiston ro‘yxatda yo‘q

AQSh Davlat departamenti e’lon qilgan ro‘yxatga 50 ta davlat kiritilgan. Ularning 30 tasi Afrika mamlakatlari hisoblanadi.

Markaziy Osiyodan ro‘yxatda Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston bor. O‘zbekiston esa ushbu ro‘yxatda yo‘q. Shu sabab hozircha O‘zbekiston fuqarolari B-1/B-2 vizalariga murojaat qilganda viza garovi qo‘yish talabi qo‘llanilmaydi.

Maqsad viza muddatini buzishni kamaytirish

AQSh rasmiylariga ko‘ra, dastur viza muddati tugaganidan keyin mamlakatda noqonuniy qolib ketish holatlarini kamaytirishga qaratilgan.

Immigratsiya huquqlari faollari esa bunday tartib AQShga qonuniy safar qilmoqchi bo‘lgan odamlarga ham to‘siq bo‘lishi mumkinligini aytmoqda.

Ro‘yxatda turli mintaqa davlatlari bor

Dastur qo‘llaniladigan davlatlar orasida Osiyo, Afrika, Karib havzasi va Okeaniya mamlakatlari bor.

Xususan, Bangladesh, Nepal, Mo‘g‘uliston, Nigeriya, Efiopiya, Venesuela, Zambiya va Zimbabve kabi davlatlar ro‘yxatga kiritilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq chet elga ishga yuborish bo‘yicha to‘rtta firibgarlik fosh etilgani haqida xabar berilgandi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonning bir necha hududida fuqarolarni Kanada, Yaponiya, Slovakiya va Germaniyaga ishga yuborishni va’da qilgan shaxslar bilan bog‘liq firibgarlik holatlari aniqlandi. 

Shuningdek