1,9 trln so‘mlik zarar: qum-shag‘al qazganlar aniqlandi

eʼlon qilindi
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda
1,9 trln so‘mlik zarar: shag‘al qazib olganlar aniqlandi
Foto: Pexels

Chirchiq daryosi o‘zanidan tegishli ruxsatnomasiz qum-shag‘al qazib olish oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 1,9 trln so‘mlik zarar yetkazilgani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Departamentning Toshkent shahar boshqarmasi hamda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida MChJlardan birining mas’ul shaxslari Toshkent shahri va Toshkent viloyati hududidan oqib o‘tuvchi Chirchiq daryosi o‘zanidan maxsus texnikalar yordamida noqonuniy ravishda qum-shag‘al qazib olgani aniqlangan.

101,2 ming kub metr qum-shag‘al noqonuniy qazib olindi

Tekshiruvga ko‘ra, mas’ul shaxslar tegishli ruxsatnoma olmasdan 101,2 ming kub metr noruda foydali qazilma hisoblangan qum-shag‘al xomashyosini qazib olgan. Ushbu harakatlar natijasida davlat va jamiyat manfaatlariga yetkazilgan zarar 1,9 trln so‘mga baholangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining o‘g‘rilik hamda nodavlat tashkilot mansabdor shaxslari tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilishga oid moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Samarqanddagi noqonuniy qum-shag‘al qazish oqibatida 63 mln so‘mlik zarar aniqlangani haqida yozgan edi.

Shuningdek