Deputatlar notariatdagi muammolar bo‘yicha Adliya vaziriga so‘rov yubordi

Qonunchilik palatasi deputatlari aholiga notariat xizmatlarini sifatli va shaffof ko‘rsatish, shuningdek sohada amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligi yuzasidan Adliya vaziri Aziz Toshqulovga parlament so‘rovini yubordi. Bu haqda palataning rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.
Raqamlashtirish bo‘yicha islohotlar amalga oshirilgan
So‘nggi yillarda notariat tizimini modernizatsiya qilish maqsadida «Notarius» avtomatlashtirilgan axborot tizimi, E-notarius.uz portali, Face-ID va Mobile-ID texnologiyalari joriy etildi. Shuningdek, ayrim notarial harakatlarni videokonferensaloqa orqali masofadan turib rasmiylashtirish imkoniyati yaratildi.
Hududlarda yagona amaliyot shakllanmagan
Deputatlar saylov okruglarida fuqarolar bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar davomida ayrim hududlarda bir xil huquqiy munosabatlarga nisbatan turlicha notarial amaliyot qo‘llanayotgani va qonun normalarining yagona tartibda tatbiq etilishi to‘liq ta’minlanmayotganini aniqlagan.
Elektron integratsiya yetarli emas
Notariat tizimi bilan mahalliy hokimliklar, davlat arxivlari, ko‘chmas mulkni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tizimi hamda xorijdagi konsullik muassasalari axborot tizimlari o‘rtasida to‘liq elektron integratsiya yo‘qligi fuqarolar uchun qo‘shimcha ovoragarchiliklarni keltirib chiqarayotgani qayd etildi.
Adliya vaziridan tushuntirish so‘raldi
Parlament so‘rovida notariat sohasida qonunlarni respublika bo‘ylab bir xil qo‘llashni ta’minlash, notariuslar faoliyatiga uslubiy rahbarlikni kuchaytirish, huquqiy va texnik xizmatlar narxini belgilash mezonlari hamda davlat organlari axborot tizimlari o‘rtasidagi to‘liq elektron integratsiyani ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berish so‘ralgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Oliy Majlis Senati raisi «El-yurt hurmati» ordeni bilan taqdirlangani haqida yozgandi.