Endi banklar mijozlar shikoyatini yuzaki yopa olmaydi

eʼlon qilindi
Qaror Adliya vazirligida 2026-yil 1-avgustda ro‘yxatdan o‘tkazilgan
bank
Foto: Wykop

Markaziy bank tijorat banklarining mijozlar murojaatlari bilan ishlash tartibiga o‘zgartirish kiritdi. Endilikda banklar nafaqat alohida qoidabuzarliklarni, balki ularni keltirib chiqargan tizimli kamchiliklar va sabablarni ham bartaraf etishi kerak bo‘ladi. Qaror Adliya vazirligida 2026-yil 1-avgustda ro‘yxatdan o‘tkazilgan va bir oydan keyin kuchga kiradi.

«Tizimli kamchilik» tushunchasi kiritildi

Hujjatda «tizimli kamchilik» tushunchasiga huquqiy ta’rif berildi. Unga ko‘ra, bu yakka holat bilan cheklanmaydigan, bankning moliyaviy mahsuloti, biznes jarayoni, xizmat ko‘rsatish bo‘linmalari, axborot tizimi yoki ichki nazorat tizimidagi muammo bo‘lishi mumkin. Bunday kamchilik boshqa shartnomalar, operatsiyalar yoki xizmatlar bo‘yicha ham iste’molchilar huquqlari buzilishiga olib kelishi mumkin.

Banklar muammoning ildizini ham yo‘qotishi kerak

Yangi tartibga ko‘ra, banklar murojaatlarni ko‘rib chiqishda faqat mijoz ko‘rsatgan holatni hal qilish bilan cheklanmaydi.

Bank murojaatlarda qayd etilgan qoidabuzarliklar, salbiy holatlar, tizimli kamchiliklar hamda iste’molchilar huquqlari buzilishiga sabab bo‘lgan omillarni ham bartaraf etishi lozim.

Murojaatlar har chorakda tahlil qilinadi

Banklar har chorak va yil yakunlari bo‘yicha murojaatlarni umumlashtirib, tahlil qiladi. Ushbu tahlilda murojaatlar soni, turlari, kelib chiqish sabablari, ko‘p ko‘tarilgan masalalar, hududlar va bank mahsulotlari kesimida muammolar aks ettiriladi.

Shuningdek, iste’molchilar huquqlari buzilishiga olib kelgan asosiy kamchiliklar va ularni bartaraf etish uchun ko‘rilgan choralar ham ko‘rsatilishi kerak.

Bank boshqaruvi javobgarligi kuchayadi

Bank boshqaruvi chorak va yil natijalarini ko‘rib chiqishda murojaatlar bilan ishlash holatini muhokama qilishi shart bo‘ladi.

Agar murojaatlar orqali tizimli kamchiliklar aniqlansa, bank boshqaruvi ularni bartaraf etish bo‘yicha harakatlar rejasini tasdiqlashi kerak. Ushbu rejalar ichki audit xizmatiga ham taqdim etiladi.

Qachon «chora ko‘rilmagan» deb hisoblanadi

Hujjatda tizimli kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha choralar ko‘rilmagan deb hisoblanadigan holatlar ham belgilandi.

Masalan, harakatlar rejasi tasdiqlanmasa, undagi topshiriqlar o‘z vaqtida bajarilmasa yoki choralar ko‘rilganiga qaramay tizimli kamchilik saqlanib qolsa, bu bank tomonidan yetarli chora ko‘rilmaganini anglatadi.

Ma’lumotlar bank saytida e’lon qilinadi

Banklar murojaatlar tahlili bo‘yicha choraklik ma’lumotnomalarni keyingi oyning 20-sanasigacha, yillik ma’lumotnomalarni esa 15-fevralgacha o‘z rasmiy saytida e’lon qilishi shart.

Shuningdek, tizimli kamchiliklar bo‘yicha bank boshqaruvi qarorlari va ularni bartaraf etish haqidagi ma’lumotlar Markaziy bankka belgilangan muddatlarda taqdim etiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy bank ijtimoiy tarmoqlarda bank omonatlaridan olinadigan foiz daromadlariga soliq solinishi mumkinligi haqidagi xabarlar yuzasidan rasmiy bayonot bergandi.

Shuningdek