Kadastrda 500 mingta ariza endi bir necha soniyada rasmiylashtiriladi

Shavkat Mirziyoyev Kadastr agentligi faoliyatini yangicha yondashuvlar asosida tashkil etish bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqdi. Yangi tizimda «bitta ariza – bitta to‘lov» tamoyili joriy etilib, ko‘chmas mulkni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni to‘liq onlayn shaklga o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.
Har uchinchi ariza rad etilgan
Joriy yilning birinchi yarmida kadastr xizmatlaridan foydalanish bo‘yicha 1 milliondan ortiq ariza kelib tushgan. Ularning 330 mingtasi, ya’ni qariyb 30 foizi rad etilgan. Bu esa fuqarolar va tadbirkorlarning ortiqcha vaqt hamda mablag‘ sarflashiga, korrupsiyaviy xavflarning ortishiga sabab bo‘layotgani qayd etildi.
«Bitta ariza – bitta to‘lov» tamoyili joriy etiladi
Takliflarga ko‘ra, kadastr xizmatlari soddalashtirilib, barcha xizmatlar bitta ariza asosida ko‘rsatiladi. Ko‘chmas mulkka huquq yuzaga kelganda ariza avtomatik shakllantiriladi va proaktiv xizmat ko‘rsatiladi.
Natijada yiliga 1,2 million nafar fuqaroning vaqti hamda mablag‘i tejalishi, 200 mingga yaqin ortiqcha ariza qisqarishi kutilmoqda.
Ro‘yxatdan o‘tkazish soniyalar ichida amalga oshiriladi
Ko‘chmas mulk huquqini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayoni to‘liq raqamlashtiriladi. Buning natijasida yiliga 500 mingta arizani amaldagi 10–15 kun o‘rniga bir necha soniyada rasmiylashtirish imkoniyati yaratiladi.
Hududlarga ko‘proq vakolat beriladi
Islohotlar doirasida respublika darajasidagi xodimlarning kamida 30 foizini tumanlarga o‘tkazish, Kadastr agentligi va Kadastr palatasining hududiy tuzilmalarini birlashtirish rejalashtirilmoqda.
Jarimalar bo‘yicha yengilliklar taklif qilindi
Shuningdek, noqonuniy qurilish ixtiyoriy ravishda bartaraf etilganda javobgarlikni yengillashtirish hamda ko‘chmas mulk huquqini o‘z vaqtida ro‘yxatdan o‘tkazmagan fuqarolarga birinchi marta jarima o‘rniga ogohlantirish berish taklif etildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 32 sotix yer va 5 ming dollarlik soxta kadastr siri ochilgani haqida yozgandi.