Kubada elektr tarmog‘i yana to‘liq ishdan chiqdi

Kubada elektr energiyasini tiklash ishlari davom etayotgan bir paytda mamlakat milliy elektr tarmog‘i yana to‘liq ishdan chiqdi. Bu haqda DW xabar bermoqda.
Dushanba kuni bir sutka ichida ikkinchi marta umumdavlat miqyosida elektr uzilishi qayd etildi. Bu 2026-yil boshidan buyon mamlakatdagi oltinchi yirik energetik uzilish bo‘ldi.
Elektr ta’minoti kun davomida Gavana shahri hamda Kubaning markaziy va g‘arbiy hududlarida bosqichma-bosqich tiklana boshlagan. Tushga kelib poytaxtning qariyb yarmiga elektr energiyasi qaytarilgan, biroq keyinchalik noqulay ob-havo tarmoqni qayta ishga tushirish jarayoniga xalaqit bergan.
Sabablar qanday
Kuba davlat elektr kompaniyasining ma’lum qilishicha, Milliy elektr tizimini tiklash vaqtida kuzatilgan ob-havo hodisalari tarmoqda yangi uzilishlarni keltirib chiqargan va ishlab turgan generatorlarga bevosita ta’sir ko‘rsatgan. Kompaniya zarar ko‘lami hamda elektrsiz qolgan hududlar soniga aniqlik kiritmagan, ammo tizimni imkon qadar tezroq tiklash bo‘yicha ishlar kuchaytirilganini bildirgan.
Kechga yaqin Energas Xaruko majmuasidagi to‘rtta energoblok ishga tushirilgan, Gavana atrofidagi bir nechta uzatish podstansiyalariga ham elektr berila boshlagan. Shunga qaramay, mamlakatning ko‘plab hududlarida aholi bir sutkada atigi bir necha soat elektr energiyasidan foydalanmoqda.
Avvalroq «Kursiv» nashri AQSh Kubaga qarshi yangi sanksiyalar kiritgani haqida yozgan edi.