
Krishtianu Ronaldu va Jorjina Rodrigesning kutilayotgan to‘yi atrofida yangi xabarlar tarqaldi. OAVda marosim mehmonlari ro‘yxatida Lionel Messi, Kilian Mbappe, Vinisius Junior, Rihanna va Jennifer Lopes kabi mashhurlar borligi aytilmoqda.
GiveMeSport ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi kunlarda Ronaldu va Jorjina to‘yiga oid ekani aytilgan taklifnoma surati internetda tarqalgan.
Mehmonlar ro‘yxatida yulduzlar borligi aytilmoqda

To‘y sanasi bo‘yicha aniqlik bo‘lmasa-da, xabarlarda Ronaldu katta marosim o‘tkazishni rejalashtirayotgani aytilmoqda.
Tarqalgan ma’lumotlarda mehmonlar orasida Rio Ferdinand, Kilian Mbappe, Vinisius Junior, Vin Dizel, Rihanna, Jennifer Lopes, Dreyk va Trevis Skott nomlari tilga olingan.
Messi ham taklif qilingani aytilmoqda

Ayrim xabarlarga ko‘ra, Lionel Messi ham mehmonlar ro‘yxatida bor. Agar bu ma’lumot tasdiqlansa, futbol tarixidagi eng mashhur raqiblaridan biri bo‘lgan Messi va Ronaldu maydondan tashqaridagi tadbirda birga ko‘rinishi mumkin.
Hozircha Messi marosimda qatnashishi yoki taklifni qabul qilgani haqida rasmiy ma’lumot yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ronaldu va ispaniyalik model Jorjina Rodrigesning to‘yi 8-avgust kuni Madeyra orolida o‘tishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, marosim Ronaldu tug‘ilib o‘sgan Funshal shahridagi soborda tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, juftlik to‘ydan keyingi qabul marosimi uchun sobor yaqinidagi besh yulduzli Savoy Palace mehmonxonasini band qilgan.
Manbalarning aytishicha, mehmonxonadagi ayrim qavatlar va bar hududlari juma hamda shanba kunlari foydalanishdan chiqarilishi haqida mehmonlarga xabar berilgan.
Ronaldu to‘y haqida avval ham gapirgan
Ronaldu avvalroq Jorjina bilan Jahon chempionatidan keyin turmush qurishni rejalashtirayotganini aytgan edi. Futbolchi suhbatlaridan birida Jorjinani oila qurishni istagan yagona ayol sifatida tilga olgan.
41 yoshli Krishtianu Ronaldu hozir Saudiya Arabistonining «An-Nasr» klubida to‘p tepmoqda.