Odam savdosi qurbonlariga yangi imtiyoz va himoya mexanizmlari joriy etiladi

Odam savdosidan jabrlanganlarni aniqlash va ularni jamiyatga qayta integratsiya qilish uchun 1-sentabrdan ishonch telefonlari, sun’iy intellektga asoslangan migratsiya maslahat byurolari va yangi identifikatsiya tartibi ishga tushiriladi. Bu haqda prezident farmoni qabul qilindi.
Jabrlanganlarni aniqlash vakolati kengaytiriladi
Unga ko‘ra, «Inson» markazlari, Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimidagi ixtisoslashgan muassasalar hamda nodavlat notijorat tashkilotlariga odam savdosidan jabrlanganlarni dastlabki identifikatsiya qilish vakolati beriladi.
Yangi maqom va muddatlar belgilanadi
Dastlabki identifikatsiyadan o‘tgan shaxsga bir oygacha «odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotgan shaxs» maqomi beriladi. Yakuniy identifikatsiyadan so‘ng esa jabrlanuvchi maqomi ko‘pi bilan bir yil muddatga rasmiylashtiriladi. Yakuniy identifikatsiya hududiy komissiyalar tomonidan 10 sutka ichida amalga oshiriladi.
1146 ishonch telefoni ishga tushadi
2026-yil 1-sentabrdan Agentlikning 1146 qisqa raqamli ishonch telefoni orqali murojaatlar qabul qilinadi. Mutaxassislar fuqarolarga ijtimoiy, psixologik, huquqiy va boshqa masalalar bo‘yicha maslahat hamda axborot beradi.
Xorijdagi fuqarolar uchun ham yordam yo‘lga qo‘yiladi
O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalarida ham odam savdosidan jabrlanganlar murojaat qilishi mumkin bo‘lgan ishonch telefonlari tashkil etiladi.
Aeroportlarda sun’iy intellekt asosidagi migratsiya byurolari ochiladi
Shuningdek, 1-sentabrdan Toshkent va Samarqand xalqaro aeroportlarida Migratsiya jamg‘armasi hisobidan sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanuvchi Migratsiya maslahat byurolari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentdagi «spa salon» niqobi ostida ishlagan odam savdosi guruhi fosh etilgani haqida yozgandi.