Oppo yangi A7 Pro Max smartfonini taqdim etdi — narx

4-avgust 2026 15:55 eʼlon qilindi

Sapura Temirxanova

Sapura Temirxanova

Muxbir temirxanovasapura@gmail.com
Oppo yangi A7 Pro Max smartfonini taqdim etdi — narx
Foto: IT Home

Oppo Xitoyda yangi A7 Pro Max smartfonini rasman namoyish qildi. IT Home nashriga ko‘ra, qurilmaning asosiy jihati 10 000 mA/soat sig‘imli katta batareya, 80 vattli tezkor quvvatlash va IP69K darajasigacha himoyalangan korpus.

Oppo ma’lumotiga ko‘ra, A7 Pro Max to‘liq quvvat bilan taxminan 24 soat davomida qisqa videolarni uzluksiz tomosha qilish imkonini beradi.

Kompaniya akkumulyator 1500 ta quvvatlash siklidan keyin ham dastlabki sig‘imining kamida 80 foizini saqlab qolishini ta’kidlamoqda.

Smartfon 80 vattda quvvatlanadi

Foto: IT Home

Qurilma Oppo’ning 80 vattli tezkor quvvatlash texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, UFCS, PPS va USB Power Delivery standartlari bilan ham mos keladi.

A7 Pro Max’dan tashqi akkumulyator sifatida ham foydalanish mumkin. Buning uchun 27 vattli teskari simli quvvatlash funksiyasi mavjud.

Korpus kuchli himoyaga ega

Smartfon chang va suvdan IP66, IP68, IP69 hamda IP69K standartlari bo‘yicha himoyalangan. Bu qurilmani namlik, chang va murakkab sharoitlarda ishlatish uchun nisbatan chidamli qiladi.

Oppo A7 Pro Max’ning asosiy kamerasi 50 megapikselli Sony sensori va optik barqarorlashtirish tizimiga ega.

Bundan tashqari, orqa tomonda 2 megapikselli monoxrom modul bor. Old kamera ham 50 megapikselli bo‘lib, selfi va videoqo‘ng‘iroqlar uchun mo‘ljallangan.

Orqa panelda yorug‘lik indikatori bor

Foto: IT Home

Smartfonning orqa panelida maxsus yorug‘lik indikatori joylashgan. U kiruvchi qo‘ng‘iroqlar, bildirishnomalar va quvvatlash jarayoni haqida signal beradi.

Qurilma Qualcomm Snapdragon 4 Gen 5 chipi asosida ishlaydi va ColorOS 16.0 interfeysi bilan taqdim etiladi.

Narxi $325 dan boshlanadi

Oppo A7 Pro Max uch xil xotira talqinida sotuvga chiqadi. 8/128 GB versiyasi $325, 12/256 GB talqini $400, 12/512 GB versiyasi esa $445 etib belgilangan.

Sotuv boshida xaridorlarga Oppo Enco R5 simsiz quloqchinlari, ikki yillik ekran himoyasi va bir yillik suvdan shikastlanish sug‘urtasi sovg‘a qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq iyul oyi uchun eng kuchli Android smartfonlari e’lon qilingani haqida xabar berilgandi. iQOO 15 Ultra 2026-yil iyul oyida Xitoy bozoridagi eng kuchli Android smartfonlari AnTuTu reytingida birinchi o‘rinni egalladi.

Shuningdek