O‘zbekistonda Chevrolet Gentra ishlab chiqarilishi yana yo‘lga qo‘yiladimi

Chevrolet Uzbekistan rasmiy Telegram-kanalida avtomobil ixlosmandlari o‘rtasida «Lacetti yoki Gentra?» mavzusida so‘rovnoma e’lon qilindi.
Foydalanuvchilardan qaysi modelni afzal ko‘rishi va tanlovining uchta asosiy sababini izohlarda yozib qoldirish so‘ralgan.
Mazkur so‘rovnoma ijtimoiy tarmoqlarda Gentra modeli yana ishlab chiqarilishi mumkinligi haqidagi taxminlarni kuchaytirdi. Biroq kompaniya hozircha Chevrolet Gentra ishlab chiqarishini qayta yo‘lga qo‘yish yoki modelni bozorga qaytarish bo‘yicha hech qanday rasmiy bayonot bermagan.
Ayni paytda Chevrolet Uzbekistan’ning ushbu posti avtomobil ishqibozlarining fikrini o‘rganishga qaratilgan interaktiv so‘rovnoma sifatida baholanmoqda.
Gentra O‘zbekistonda yillar davomida eng ommabop avtomobillardan biri bo‘lib kelgan va uning ehtimoliy qaytishi haqidagi muhokamalar foydalanuvchilar orasida katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Kursiv Uzbekistan UzAuto Motors’ga ushbu masala yuzasidan so‘rov yubordi.
Ma’lumot uchun, UzAuto Motors 2024-yil yanvaridan Chevrolet Gentra (Lacetti) ishlab chiqarishni to‘xtatgan edi. Kompaniya bunga General Motors’ning global siyosati sabab bo‘lgani, Gentra uchun butlovchi qismlar ishlab chiqaruvchi korxonalar quvvati esa yangi modellarni ishlab chiqarishga yo‘naltirilganini ma’lum qilgandi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan UzAuto Motors Cobalt va Damas uchun chegirma e’lon qilgani haqida yozgandi.